Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi asossiz qarzdorlik uchun elektr ta’minotiga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Chiqindilarni boshqarish agentligiga so‘rov yubordi.

Qo‘mita hamda uning hududiy organlariga 2025-yilda qattiq maishiy chiqindilarni tashish xizmatlari bo‘yicha 1141 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki oylarida bu murojaatlar soni 850 dan ortiqni tashkil etgan.

Murojaatlarda asosan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmasligi, xizmatlar sifati pastligi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanishi hamda oqibatda fuqarolarning elektr energiyasi to‘lovlariga cheklovlar qo‘yilgani yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.

O‘rganishlarda ayrim hududlarda chiqindilarni olib chiqib ketishning belgilangan minimal davriyligiga amal qilinmayotgani hamda fuqarolarga asossiz qarzdorliklar hisoblanayotgani aniqlandi. Murojaatlarning asosiy qismi Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi quyidagi choralarni ko‘rish yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga so‘rov yubordi:

  • chiqindilarni o‘z vaqtida va sifatli olib chiqib ketishni ta’minlash;
  • asossiz qarzdorliklar hisoblanishining oldini olish;
  • asossiz qarzdorlik sabab elektr energiyasi to‘lovlariga kiritilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish.

Nazorat organi amaldagi qonunchilik bilan chiqindi xizmatlari belgilangan muddat va davriylikda amalga oshirilishi shartligini, shuningdek, xizmat ko‘rsatilmagan yoki sifatsiz ko‘rsatilgan hollarda iste’molchi tegishli davr uchun to‘lovdan ozod etilishi belgilanganini eslatdi.

Qo‘mita fuqarolarni xizmat sifati bilan bog‘liq holatlarda murojaat qilishga chaqirib, o‘rganishlar davom etishini bildirdi.

2025-yilning 1-avgustidan chiqindi xizmatlaridan qarzdor fuqarolarning elektr energiyasi uchun to‘lovlariga cheklov o‘rnatilishi belgilandi. Chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha SMS-xabarnoma yuborilib, qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kun vaqt beriladi. Bu muddat ichida mavjud qarzdorlik to‘lanishi lozim.

Cheklovlar faqat 2025-yil 1-iyuldan boshlab to‘plangan chiqindi qarzlariga taalluqli bo‘lib, ushbu sanagacha bo‘lgan qarzlarga ta’sir qilmaydi. Qarzdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyning 3-sanasiga qadar Toza Makon tizimidan HET Billingga uzatiladi.

1-noyabrdan Toshkentda chiqindi tashish bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda elektr energiyasi uchun to‘lovlarga cheklovlar kuchga kirdi. Birinchi haftada qariyb 25,1 ming kishi 2,24 mlrd so‘mlik qarzdorlik to‘g‘risida xabarnoma oldi, shundan 6 ming abonent 5 kunlik muddat tugaganidan so‘ng cheklovlarga duchor bo‘ldi.

Yangi tizim dekabr oyida butun O‘zbekiston bo‘ylab ishlay boshladi. O‘shanda 231 ming abonent Hududiy elektr tarmoqlaridan 20,1 mlrd so‘mlik qarzdorlik haqida ogohlantirish olgan, shundan dastlabki besh kunda 9,4 mlrd so‘m to‘langan.

Avvalroq Spot fevral oyida o‘zbekistonliklarning chiqindidan qarzdorligi 108 mlrd so‘mga yetgani haqida yozgandi. Hududiy elektr tarmoqlari tomonidan 1,1 mlndan ortiq ogohlantirishlar yuborildi va 200 mingga yaqin abonentlar uchun cheklovlar joriy etildi.