Avvalroq prezident raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda 2026-yili $50 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha reja qilingani taʼkidlandi.

Prezident yangi loyihalar, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga, xomashyo va energiya resurslaridan samarali foydalanishga, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratib, mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligini yana bir bor qayd etdi.

Lekin ayrim rahbarlar investitsiya hisobidan eksportni ko‘paytirishni o‘ylashning o‘rniga ichki bozor to‘lgan mahsulot ishlab chiqarishni taklif qilayotgani qayd etildi. Masalan, Uchqo‘rg‘on tumanida $40 mlnlik 2 ta ip-kalava ishlab chiqarish zavodini qurish taklif etilgan. Vaholanki, Namangandagi 110 ming tonna ip-kalava ishlab chiqaradigan 24 ta korxona bor. Bu viloyatda olinadigan paxta tolasidan 1,5 barobar ko‘p.

Yoki Ohangaron tumanida 35 ming tonna bazalt plitalari ishlab chiqarish reja qilinmoqda. Biroq respublikada 12 ta bunday korxona bor. Bozor topa olmagani uchun 6 tasi to‘xtab qolgan, 1 ta korxona sotuvga qo‘yilgan.

Sirdaryoda $10 investitsiya atigi $1 lik qo‘shilgan qiymat bermoqda. Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryodagi loyihalarda ham shu holat kuzatilgan.

Mutasaddilar, tarmoq rahbarlari va hokimlarga 2026-yilgi investitsiya dasturiga kiritish taklif etilayotgan loyihalarning bozori, eksporti, yaratadigan qo‘shilgan qiymati va ish o‘rnini to‘liq tahlil qilish topshirildi.

Umuman, investitsiya loyihalari bilan ishlash bo‘yicha yangi tizimga o‘tilishi belgilandi. Faqat investitsiya olib kelib, loyihani ishga tushirish yetarli bo‘lmasligi, balki har bir loyiha to‘liq ishlashi, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratib, tashqi bozorga chiqishiga, ish o‘rinlarini to‘liq saqlab qolishiga ham e‘tibor qaratiladi.

Buning uchun dasturga kirgan har bir loyihani ishga tushgandan keyin uch yil monitoring qiladigan Yagona milliy loyiha boshqaruvi platformasi yaratiladi.

O‘tgan yili texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish, uskuna olib kelish, moliyalash, infratuzilma, yer masalasi vaqtida hal bo‘lmagani uchun 55 ta yirik loyiha kechikkan. Shu bois, bu yilgi investitsiya dasturi doirasida qiymati $165 mlrdlik 377 ta strategik loyiha alohida nazoratga olinadi.

O‘tgan yili xorijiy tashriflar doirasida $135 mlrdlik kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari, shu yilning o‘zida Turkiya bilan $9 mlrd, Pokiston bilan $1,42 mlrdlik investitsiya bitimlari imzolandi.

Vazirlar, tarmoq rahbarlari yoki hokimlar ushbu loyihalarning paysalga solinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Investitsiya ko‘paygani hisobiga qurilish ham oshadi. Mutasaddilarga bu yilgi qurilish hajmini 400 trln so‘mga olib chiqib, sohada kamida 17% o‘sishni ta‘minlash topshirildi.

Joriy yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi uchun budjetdan 40 trln so‘m berilmoqda. Bu qurilish, qurilish materiali, metallurgiya va elektrotexnika korxonalari uchun katta bozor.

Lekin hududlardagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari qurilish sifati va samaradorligini nazorat qilishga ulgurmayapti. Shu bois, Qoraqalpog‘iston, Samarqand va Farg‘onada buyurtmachi xizmatlariga tajriba tariqasida xususiy sektorni jalb qilish muhimligi ta‘kidlandi.

Avvalroq prezident go‘sht importiga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa masalasini hal qilishni topshirgani haqida xabar berilgandi.