Toshkentning Olmazor tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tuman hokimi lavozimiga Asakabank boshqaruv raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Qudratilla Tulyaganov tayinlandi.

Qudratilla Tulyaganov (1982-yilda tug‘ilgan) 2008-yilda Toshkent moliya institutini bank sohasida investitsiyalarni boshqarish mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2016-yilda Bank-moliya akademiyasida magistrlik darajasini olgan.

Tulyaganov 2000-yildan beri bank tizimida ishlab kelmoqda. 2023-yil fevral oyida u Asakabank boshqaruvi raisi lavozimini egallagan, undan oldin esa bir necha yil O‘zbekiston Milliy banki raisi o‘rinbosari bo‘lgan.

Olmazor tumanining avvalgi hokimi Azizxon Umarxonov bu lavozimda 2021-yil avgustidan joriy yil yanvargacha ishlagan. Hozirda IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga rahbarlik qilmoqda.

Avvalroq Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisiga o‘rinbosarlar tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Orifjon Fayziyev qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Shuningdek, Nozimbek Rustambekov qo‘mita raisiga o‘rinbosar bo‘ldi. Bunga qadar u Adliya vazirligida Huquqni qo‘llash departamenti rahbari bo‘lgan.