Avvalroq 13-fevral kuni prezident raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega to‘rtta yirik korxona — GM, BYD, ADM Jizzakh hamda Asaka Motors mavjudligini ta’kidladi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuvidan ma’lum bo‘ldi.

O‘zavtosanoat boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulovga 2026-yilda 300 dan ziyod mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya asosida yana 763 ta detalni ishlab chiqarishni boshlash topshirildi. Davlat rahbari bu sanoatga qo‘shimcha $300 mlnlik hajm olib kelishini qayd etdi.

Shuningdek, ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini o‘tgan yilgi 460 ming donadan 2026-yilda 510 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi. “Qilsa bo‘ladimi?”, — deya savol bilan yuzlandi prezident. Ro‘ziqulov bunga tasdiq sifatida “Albatta, bo‘ladi”, — deya javob berdi.

“[Markaziy bank raisi Timur] Ishmetov Ro‘ziqulov bilan birga o‘tirib, aholining mahalliy avtomobillarga bo‘lgan talabini rag‘batlantirish maqsadida bir haftada avtokredit stavkasini pasaytirish va hajmini oshirish chorasini ko‘rsin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 30 trln so‘mlik avtokreditlarga talab bor”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, davlat rahbari dehqon va fermerlarda bog‘dorchilik traktori, ko‘chat ekuvchi hamda hosil yig‘uvchi, kartoshka kavlaydigan agrotexnikalarga talab ortib borayotganini ta’kidladi.

Agar Ro‘ziqulov Chirchiqdagi klasterni to‘liq quvvatda ishlatib, agrotexnikalarni arzon narxda chiqarsa, Ishmetov banklar va lizing kompaniyalari bilan qulay moliyaviy instrumentlar qilib bersa, dehqon va fermerlar yiliga kamida 15 mingta texnikani sotib olishga tayyor ekanligi bildirildi.

O‘zavtosanoat boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulovning qayd etishicha, hozirda kompaniya bilan 13 ta bank ish olib bormoqda.

“Hozirda avtokreditlash juda rivojlanib, mahsulotimiz yaxshi sotilmoqda. Bir kunda 1 500 ga yaqin shartnoma chiqyapti. Bu degani, qish bo‘lishiga qaramay, 20 kun ishlaydigan bo‘lsak, 30 mingdan ziyod xaridor chiqyapti, degani”, — ta’kidladi u.

Shuningdek, avtosanoat tarmog‘i rahbari 763 ta detalni mahalliylashtirish bo‘yicha vazifa belgilab olinganini ta’kidladi. Joriy yilning o‘zida Chevrolet modellari bilan birga, KIA hamda BYD modellari bo‘yicha jami 300 ga yaqin detallar o‘zlashtiriladi.

Joriy yilning 9-fevral holatiga ko‘ra, avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 23% ni tashkil etadi. Banklar avtokreditlarni 18% dan 28,2% gacha taklif qilgan.

Avtokreditlashdagi cheklovlar

2023-yilning sentabr oyida Markaziy bank banklarga avtokreditlar ajratish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Banklar kredit portfelidagi avtomobil sotib olish uchun qarzlarning ulushi kreditlar konsentratsiyasi bilan bog‘liq risklar tufayli 25% dan oshmasligi kerak.

2024-yilning 1-iyulidan regulyator aholiga kreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Kredit bo‘yicha o‘rtacha to‘lovlarning qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadiga nisbati orqali hisoblanadigan qarz yuki ko‘rsatkichi joriy qilindi.

Bu jismoniy shaxslarga mikrokredit berishda allaqachon qo‘llaniladi. Mikroqarzlar berish kredit oluvchining daromadi miqdorining yarmi bilan cheklandi.

Bundan tashqari, Markaziy bank fuqarolarga ipoteka va avtokreditlar berish bo‘yicha yangi talablarni tasdiqlagan. Qarz oluvchilarning kredit riskini baholashda qo‘shimcha ko‘rsatkich — “kredit/garov” koeffitsiyenti hisobga olinadi.

Avvalroq Spot 2026-yilda BYD O‘zbekistonda Yuan Up elektromobilini ishlab chiqarishni boshlashi haqida yozgandi.