Shavkat Mirziyoyevga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda O‘zbekiston — 2030 strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Islohotlar dasturlari va davlat dasturining bir-biridan farqli jihatlariga alohida to‘xtalindi. Dasturlar davlat rahbarining xalq va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar hamda 2026-yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan.
Bular mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish hamda ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni taʼminlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish hamda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni taʼminlash orqali uni yuksaltirish.
Bu dasturlarda “hujjat ishlab chiqish"dan “natijaga erishish” tamoyiliga o‘tilmoqda. Har bir tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari va yil yakuniga mo‘ljallangan ijro natijalari bo‘yicha KPI belgilangan. Dasturlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar bo‘yicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar bo‘lgan masʼul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilanmoqda.
O‘zbekiston — 2030 strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturida esa strategiyaning 2026-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026-yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi. Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, davlat dasturi loyihasiga kiritildi.
Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirish hamda pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish takliflari qo‘llab-quvvatlandi. Ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 30%ga yetkazish tashabbuslari ilgari surildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda xalq vakillari hayʼati ishtirokini yo‘lga qo‘yish g‘oyalari maʼqullandi.
Shuningdek, mahalla mablag‘lari sarfi bo‘yicha ochiq hisobdorlikni kuchaytirish, ichki yo‘llar, piyodalar va veloyo‘laklar tashkil etish, biznes-inkubatorlar yaratish hamda sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlarini ochish takliflari ilgari surildi.


Daraxt kesish uchun javobgarlikni qatʼiylashtirish, energiya samaradorligi bo‘yicha KPI joriy etish va utilizatsiya hamda qayta ishlash zanjirini yo‘lga qo‘yish tashabbuslari qiziqarli deb topildi.
Bundan tashqari, AQSh, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozog‘istonda vatandoshlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, 60 ga yaqin qo‘shimcha takliflar olindi.
Xorijdagi vatandoshlar bir qator tizimli takliflarni ilgari surdi. Ular nodavlat maktablar faoliyati uchun aniq va shaffof litsenziyalash hamda nazorat mexanizmlarini joriy etishni taklif qildi.
Amaliyot jarayonida korxona mutaxassislarini rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish va bachadon bo‘yni hamda ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha yagona raqamli skrining tizimini ishga tushirish zarurligi qayd etildi.
Imtiyozli kreditlarda “natijaga bog‘langan imtiyoz” modeli va eksportyorlar uchun Export-as-a-service tizimini joriy qilish, shuningdek advokatlar uchun elektron navbat olish bo‘yicha qo‘llanma va videoyo‘riqnomalar tayyorlash taklif qilindi.
Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trln so‘m ajratilishi va $50,4 mlrd mablag‘ jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring olib boradi, Vazirlar Mahkamasi har chorakda ijroni muhokama qiladi, har yarim yilda Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oy prezidentga axborot kiritib boriladi.
Har bir islohotlar dasturi uchun biriktirilgan masʼullar har chorakda ijro holati yuzasidan prezidentga axborot berib boradi. Bosh vazir islohotlar dasturlaridagi tashabbuslarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini muvofiqlashtirib, ijroni qatʼiy nazoratga olish uchun masʼul bo‘ladi.
Davlat rahbari taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishdi, tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi.
Spot, avvalroq, prezident Transafg‘on temir yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha bitimni tasdiqlagani haqida yozgandi.


