Avvalroq 13-fevral kuni prezident raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda so‘zga chiqqan O‘zavtosanoat boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov 2026-yilda Jizzaxdagi BYD Uzbekistan Factory zavodida Yuan Up modelini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanalining lavhasidan ma’lum bo‘ldi.

Ro‘ziqulov davlat rahbari topshirig‘idan so‘ng barcha yo‘nalishlarda ishlab chiqarish salohiyati qayta ko‘rib chiqilganini ta’kidladi. BYD zavodida hajmni ikki baravarga, ADM Jizzakh zavodida esa 1,5 baravarga oshirish imkoniyati mavjudligi aniqlangan. U o‘tgan yili 457 ming dona avtomobil hamda 3 000 ta komplekt ishlab chiqarilgani, joriy yilda buni 510 mingga yetkazish mumkinligini tasdiqladi.

Bundan tashqari, O‘zavtosanoat rahbari mamlakatda yangi modellarga talab ortayotganini qayd etib, shu yilning o‘zida beshta yangi model bozorga taqdim etilishini bildirdi. Xorazmdagi zavodda Damas’ning yangi modellari to‘liq o‘zlashtirilib, sotuvga chiqarildi. Mahalliylashtirilgan yangi Chevrolet Captiva, Chevrolet Traverse hamda KIA modellari chiqadi.

“Bunga qo‘shimcha ravishda BYD zavodida juda katta o‘zgarish bo‘ldi. Xitoyliklar tomonidan butun dunyoda eng ko‘p sotiladigan Yuan Up avtomobili taqdim etilgan. Bizning bozorda birgina mazkur model bo‘yicha salohiyat 25 mingtani tashkil etadi. Xitoylik [hamkorlar] „xo‘p“ dedi, shu model bu yil Jizzaxdagi zavodda chiqadi. Biz buni ham yana bir katta yo‘nalish sifatida ko‘ryapmiz”, — dedi Ulug‘bek Ro‘ziqulov.

O‘zavtosanoat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil BYD Uzbekistan Factory mamlakatda jami 23 888 dona avtomobil sotgan. Shundan 6 242 donasi Yuan Up modeli hisoblanadi. Joriy yilning yanvar oyida esa mazkur avtomobil savdosi 712 donani tashkil etdi.

BYD

Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda ochilgan Jizzaxdagi elektromobil zavodida Chazor va Song Plus Champion kabi mashinalar ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, zavod mamlakatdagi birinchi mahalliylashtirilgan Song Plus Uzpride‘ni taqdim etgan.

Kelgusi yillarda kompaniyada modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati $300 mlnlik ikkinchi bosqich doirasida elektromobillar soni yiliga 200 ming donaga, uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkaziladi.

Davlat rahbari xitoylik hamkorlar bilan kelishib, qo‘shimcha quvvatlarni qurish, elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni izchil o‘zlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.

2024-yilning iyun oyida BYD Uzbekistan Factory bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganidan arzonroq bo‘lishini ta’kidlagandi.

Undan keyin Ulug‘bek Rozuqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi. Iyul oyida BYD Uzbekistan xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi. Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatda ketma ket BYD E2, Seagull hamda Yuan Up elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi.

2024-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatida 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishib, BYD avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga tannarxni pasaytirish mumkinligini qayd etgandi. Kompaniya rahbariyati mamlakatdagi tarmoq korxonalari salohiyatini yuqori baholagan.

Spot, avvalroq, yanvarda O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi 9% ga oshgani haqida yozgandi.