Soliq qo‘mitasi QQS va foyda solig‘i stavkalari pasaytirilishi mumkinligini istisno qilmadi. Bu haqda 17-fevral kuni qo‘mita raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev soliq forumida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

“Qisqa muddatli rejalarimizda, 2028-yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i bo‘yicha stavkalarni o‘zgartirish ko‘zda tutilmagan. Soliq qo‘mitasi sifatida biz bu stavkalarning kelgusida ham o‘zgarish rejalarini ko‘rmayapmiz”, — dedi u.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari QQS (hozir — 12%) va foyda solig‘i (15%) stavkalarini pasaytirish ehtimolini istisno etmadi. Uning ta’kidlashicha, bu yashirin iqtisodiyot hajmining pasayishi va yalpi ichki mahsulotda soliq tushumlari ulushining oshishi hisobiga amalga oshirilishi mumkin. “Shundagina stavkalarni faqat pasaytirish nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish mumkin bo‘ladi”, — dedi u.

Yangilangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasiga ko‘ra, besh yil ichida soliq tushumlarining YIMdagi ulushini 19,2% gacha oshirish rejalashtirilgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 16% ga, 2027-yilda 17% ga, 2028-yilda 18% ga va 2029-yilda 18,7% ga yetishi kutilmoqda.

Shu tariqa, 2030-yilga kelib, mamlakat yalpi ichki mahsuloti $240 mlrddan oshishi sharti bilan soliq tushumlari $46 mlrddan oshishi prognoz qilinmoqda.

2025-yilning yozida Shavkat Mirziyoyev prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisida biznes uchun asosiy soliq stavkalari 2028-yilgacha o‘zgarmasligini ma’lum qilgandi. 2026-yil asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldi.

Avvalroq Jaxongir Mirpulatov Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.