1-aprelgacha Rossiyada Telegram to‘liq bloklanadi. Bu haqda Baza Telegram-kanali o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi.

Bir nechta idoralardagi manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, shu sanadan boshlab Roskomnadzor messenjerni Instagram va Facebook kabi to‘liq bloklashga kirishadi.

Bu chora butun Rossiya hududida qo‘llanadi: ilova na mobil tarmoqlar, na statsionar internet orqali ochilmaydi.

Ta’kidlanishicha, bloklash keng qamrovli bo‘ladi — Rossiya IP-manzillaridan nafaqat hozirgi kabi katta hajmli fayllarni yuklash, balki xabarlar almashinuvi ham ishlamaydigan bo‘ladi.

Roskomnadzor vakillari ilgari e’lon qilingan ma’lumotlarga “ushbu masala bo‘yicha qo‘shimcha qilishga hech narsa yo‘qligini” bildirdi.

Hozirgi paytda bloklash choralari tufayli Telegram qisman ishlayapti: xabarlar yuborilmoqda, ammo fayllarni va hatto rasmlarni yuklash qiyinlashgan.

Avvalroq Spot Roskomnadzor Rossiya hududida Telegram ishini rasman sekinlashtira boshlagani haqida xabar bergandi.

Messenjer asoschisi Pavel Durov idoraning harakatlariga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, Kreml rossiyaliklarni “davlat nazoratidagi, kuzatuv va siyosiy senzura uchun yaratilgan ilovaga” (ehtimol, Max messenjeri nazarda tutilmoqda — Spot izohi) o‘tishga majburlamoqchi.

Durov Eronning sakkiz yil oldin Telegramni “o‘ylab topilgan sabab bilan” bloklab, aholini davlat muqobiliga o‘tkazishga urinishini ta’kidladi. Biroq, eronliklarning aksariyati messenjerdan foydalanishda davom etmoqda va cheklovlarni chetlab o‘tmoqda, dedi u.

“Fuqarolarning erkinliklarini cheklash hech qachon to‘g‘ri qaror bo‘lmaydi. Telegram bosimdan qat’i nazar, so‘z erkinligi va maxfiylikni himoya qiladi”, — deya xulosa qildi Durov.

Roskomnadzor Telegram Rossiyaning shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligiga rioya qilmayotgani, firibgarlik va noqonuniy foydalanishga qarshi kurash choralarini ko‘rmayotganini ma’lum qildi.

Rossiya Davlat dumasi deputati Anton Nemkin qoidabuzarliklar bartaraf etilgandan so‘ng Telegramga kirish qayta tiklanishi mumkinligini tan oldi.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, Telegram 8 ta ma’muriy bayonnoma bo‘yicha 64 mln rublgacha (10,21 mlrd so‘m) miqdorida jarima to‘lashi mumkin.

Xususan, yettita bayonnoma taqiqlangan kontentni o‘chirishni rad etganligi uchun, yana bittasi esa ushbu talabni takroran bajarmaganlik uchun tuzilgan.