Soliq qo‘mitasi qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishni avtomatlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 17-fevral kuni bo‘lib o‘tgan soliq forumida qo‘mita raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

U 2030-yilgacha mo‘ljallangan soliq siyosati strategiyasi doirasida QQS masalasiga to‘xtalib, buni “og‘riqli nuqtalarimizdan biri” deb atadi hamda joriy yildan boshlab QQS bo‘yicha “tubdan” o‘zgarishlar bo‘lishini bildirdi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari kontragentlar sababli QQSni hisobga olish masalasida soliq to‘lovchilarining haqli e’tirozlari mavjudligini ta’kidladi. Buning oldini olish uchun elektron hisobvaraq-fakturalar skoringi tizimi joriy etilmoqda.

“Eng asosiysi, biz yaqin 2−3 oy ichida QQSni qaytarishni avtomatlashtirmoqchimiz. Bu hali loyiha, uni Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda sinovdan o‘tkazamiz. Sizlar ham foydalanib ko‘rasiz hali bu tizimimizdan, jamoatchilikning fikri biz uchun muhim”, — dedi Jahongir Abdiyev.

Hozirda soliq organlarida QQSni qaytarish to‘g‘risida ariza topshirilgach, qaysidir summasi yuzasidan savol tug‘ilsa ham, ariza to‘liq qaytariladi va uni qayta topshirishga to‘g‘ri keladi. Uchinchi urinishda esa ariza xavf toifasiga tushib qoladi.

Yangi tizimda esa soliq organlarida e’tiroz bo‘lmagan qismi avtomatik ravishda qaytariladi. Masalan, soliq to‘lovchi 1 mln so‘m QQS qaytarishni so‘rasa va 200 ming so‘miga nisbatan savol tug‘ilsa, 800 ming so‘m shu vaqtning o‘zida qaytariladi. Bu bahsli masalalarni manzilli hal etish imkonini berishini qayd etdi Abdiyev.

2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 252,4 mingdan ortiq QQS to‘lovchilari mavjud. O‘tgan yil davomida ularning soni chorakdan ko‘proqqa oshdi. QQS to‘lovchilarning eng ko‘pi savdo (89,5 ming), qishloq xo‘jaligi (50 ming) va sanoatda (29,5 ming) ishlaydi.

Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi QQS va foyda solig‘i stavkalari pasaytirilishi mumkinligini istisno qilmagani haqida yozgandi.