Xorazmda Urganch-Xiva yo‘nalishida ilk pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali lavhasida ma’lum qilindi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Niyozmetovning ma’lum qilishicha, Urganchdan Xivagacha bo‘lgan yangi pulli avtomobil yo‘li qurilishi xalqaro talablar asosida olib borilmoqda.
$120 mlnlik loyiha asosida ko‘pliklar, yo‘lo‘tkazgichlar, tunnel va maxsus o‘tish joylaridan iborat 35 kilometrlik yo‘l infratuzilmasi barpo etiladi.
Pulli yo‘l doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus yo‘lak barpo etiladi. Mazkur yo‘l 4 tasmali yo‘l asfaltbeton qoplama asosida barpo etiladi. Uning o‘tkazuvchanlik qobiliyati bir sutkasiga 20 mingdan ortiq transport vositasini tashkil etadi.
Turkiyalik muhandis Bulent Bayirning ma’lum qilishicha, transport oqimini boshqarish sun’iy intellektga asoslangan raqamli tizimlar orqali amalga oshiriladi.
Ular yuk mashinalari, avtobuslar, mikroavtobuslar, yengil avtomobillar va boshqa transport vositalarini aniqlay oladi. Yo‘l qatlamining qalinligi taxminan 87 sm bo‘lib, eng yuqori ikki qatlami modifikatsiyalangan bitumga asoslangan maxsus mustahkam materiallardan tayyorlanadi.





Yo‘l-Loyiha Byurosi davlat kompaniyasi direktori G‘ulom Zohidov xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda birinchi bo‘ladigan pulli avtomobil yo‘li Urgench-Xiva loyihasini prezident qarorlariga muvofiq loyihalashtirish boshlandi. Shu bilan birga, qurilish ishlari loyiha bilan parallel olib borilmoqda.
“Hozirgi kunda mavjud avtomobil yo‘li 34 kilometr uzunlikda bo‘lib, loyihalashtirilgani esa 35 kilometrni tashkil qiladi. Joriy yo‘l bilan solishtirganda, yo‘l vaqti uch baravar qisqaradi: hozirgi safar bir soatga yetadigan bo‘lsa, yangi yo‘l bo‘ylab 17 daqiqada yetib borish mumkin”, — dedi u.
Yo‘l boshida, o‘rtasida va oxirida terminal va ikki servis punkti qurilishi rejalashtirilgan. Trassa bo‘ylab yer osti suvlari yaqinligi sababli kollektorlarga loyiha ishlab chiqilmoqda, shuningdek, zamonaviy drenaj tizimlarini o‘rnatish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, yo‘lning turli qismlarida hayvonlar uchun alohida o‘tish yo‘laklari, aholisi bo‘lgan yo‘llar kesishmalarida esa yo‘l usti o‘tish inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.
Yanvar oyida ilk bor Xorazm viloyatida pulli avtomobil yo‘li qurish rejalari ma’lum bo‘ldi. Kelajakdagi trassa Xivani to‘g‘ridan-to‘g‘ri Urganch aeroporti bilan bog‘lashi mo‘ljallanmoqda.





Avvalroq Toshkent-Chorvoq avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida tezlik 80 km/soatgacha cheklanishi haqida xabar berilgandi.
Gap Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlari hududidan o‘tuvchi yo‘lning belgilangan qismlari haqida bormoqda.









