BYD 2020−2025-yillar oralig‘ida sotilgan elektromobillar soni bo‘yicha 22 mamlakatda Tesladan o‘zib ketdi, deb yozadi Nikkei Asia S&P Global Mobility ma’lumotlariga tayanib.
Xitoy giganti Buyuk Britaniya, Ispaniya va Italiya kabi Yevropa mamlakatlaridan tashqari, qimmatbaho avtomobillar ulushi yuqori bo‘lgan Gonkong va Singapurda ham yetakchiga aylandi.
2025-yilda BYD ilk bor Tesla’ni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik elektromobil yetkazib beruvchiga aylandi. Yillik hisobda amerikalik kompaniya yetkazib berish hajmi 8,6% ga kamayib, 2024-yildagi 1,79 mln donadan 2025-yilda 1,64 mln donaga tushdi. BYD savdosi esa yiliga 28% ga oshib, 2,26 mln elektromobilni tashkil etdi.
Nashr qayd etishicha, xitoylik kompaniya akkumulyatorlar va asosiy komponentlarni o‘zi ishlab chiqarishi hisobiga narxlarni raqobatbardosh darajada ushlab turmoqda.


Shu bilan birga, BYD Shimoliy Amerikada AQSHning tarif siyosati va prezident Donald Trump ma’muriyati bosimi sabab muammolarga duch keldi. Natijada, 2025-yilda kompaniya Meksikada zavod qurish rejasidan voz kechishga majbur bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, ushbu to‘siqlarga qaramay, BYD global kengayishni davom ettirishga majbur, chunki Xitoyda elektromobil savdosi sekinlashgan. Masalan, 2025-yilda kompaniya ichki bozorda qariyb 3,5 mln avtomobil sotgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 10% ga kam.
Xitoy avtokonserni asta-sekin elektromobillarni eksport qilishdan ularni xorijda mahalliy ishlab chiqarishga o‘tmoqda — 2026-yilda kompaniya Vengriyada zavod ochishni rejalashtirgan, bungacha esa Tailand va Braziliyada ishlab chiqarish liniyalarini yo‘lga qo‘ygan.
Avvalroq Spot 2026-yilda BYD O‘zbekistonda Yuan Up elektromobilini ishlab chiqarishni boshlashi haqida yozgandi.
Mamlakatda mazkur modelning rasmiy sotuvi 2024-yilning kuzida boshlangan edi. Bundan tashqari, kompaniya rejalari qatorida E2 va Seagull modellarini ham ishlab chiqarish bor.