Avvalroq Spot tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan bazaviy me‘yor barcha hududlarda 15-martgacha uzaytirilgani haqida yozgandi.

Havo haroratidan kelib chiqib, uning davomligi aprel oyi boshigacha uzaytirilishi mumkin. Bu haqda Hududgaztaʼminot matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya tabiiy gaz uchun hisob-kitoblar ushbu o‘zgarishlar asosida qayta hisoblanib, isteʼmolchilar shaxsiy hisobvaraqlarida to‘g‘ri aks ettirilishini bildirdi.

“Ob-havo sharoiti hamda zarur hollarda mart oyining ikkinchi yarmida ham qo‘shimcha choralar kiritilishi mumkinligini inobatga olib, billing tizimida mazkur tartib asosida hisob-kitoblarni to‘g‘ri aks ettirish bo‘yicha texnik o‘zgartirishlar kiritiladi”, — deyiladi xabarda.

Energetika vazirligi bundan oldin 15-martdan keyin ob-havo sharoitidan kelib chiqib qo‘shimcha choralar ko‘rilishini maʼlum qilgandi.

Gaz uchun bir oylik ijtimoiy norma isitish mavsumida 500 kub metrni, boshqa mavsumda esa 100 kub metrni tashkil etadi. Bunda qishki mavsum Qoraqalpog‘iston va Xorazmda oktabr-fevral oylarini, boshqa hududlarda esa noyabr-fevral oylarini qamrab oladi. Mart oyidan boshlab barcha hududlarda mavsum yakunlanadi.

O‘tgan yilning fevral oyi oxirida hukumat mart oyida kutilayotgan sovuq tufayli 500 kub metrlik oshirilgan ijtimoiy normaning amal qilish muddatini 1-aprelgacha uzaytirgan edi. Energetika vazirligi hukumat bilan kelishgan holda ob-havo sharoitidan kelib chiqib, oshirilgan ijtimoiy normaning amal qilish muddatini o‘zgartirish huquqini olgan.

Hukumat, shuningdek, o‘tgan yili elektr energiyasi va gaz tariflarining oshirilishini 1-mayga qadar kechiktirgan edi. Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev “aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida” shunday topshiriq bergan.

Shu bilan birga, qaror Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Raqobat qo‘mitasining takliflari asosida energetika tariflarini har yili indeksatsiya qilishni nazarda tutadi. Narxlar 1-maydan boshlab yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda, biroq 10% dan oshmagan miqdorda ko‘tariladi.

Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalarga ishlatilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun har oyda quyidagicha kompensatsiya beriladi:

  • elektr uchun — oyiga bazaviy me’yordan ortiq (200 kVt/soatdan keyingi) 150 kVt/soatgacha;
  • gaz uchun — qish oylarida 250 kub metrgacha, boshqa oylarda 150 kub metrgacha ba’zaviy me’yordan ortiq foydalanilgan qismi uchun.

Avvalroq yanvarda O‘zbekistonda neft-gaz qazib olish qisqargani, dizel ishlab chiqarish esa keskin oshgani haqida xabar berilgan edi.