Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura majburiy raqamli markirovkalash talablarini buzganlik uchun qo‘llaniladigan jarimalar yuzasidan bahslashdi. Munozara 28-mart kuni JST bo‘yicha Idoralararo komissiyaning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida bo‘lib o‘tdi.

1-apreldan O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan qadoqlangan suv va salqin ichimliklar uchun majburiy agregatsiyani joriy etish muddati kuchga kiradi. Alkogolsiz ichimliklar va sharbat ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi texnik murakkablik va logistika bilan bog‘liq muammolar tufayli hukumatdan agregatsiyani kamida 12−18 oy davomida sinov rejimida joriy etishni so‘ragan edi.

Soliq nazorati departamenti direktori Lutfullo Umurzoqov yig‘ilishda agregatsiyani joriy etish muddati umumiy hisobda ikki yilga, ya‘ni ikki marta kechiktirilganini ta‘kidladi.

“Biz 1-apreldan hech qanday chora ko‘rmaymiz, deyapmiz. Yaqinda [Fayzibayev] Alimjan Elchiyevich (Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari — Spot izohi) yig‘ilish o‘tkazibdi. Hech qanday [jazo] chorasini qo‘llamaymiz, lekin boshlab olaylik”, — dedi Soliq qo‘mitasi vakili.

227-1-modda, bosh prokuratura, dilmurod kasimov, jamshid xodjayev, markirovkalash, ochiq muloqot, soliq qo'mitasi, tadbirkorlar

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev xorijiy kompaniyalar jarimalar qo‘llanmasligi haqidagi og‘zaki kelishuvlarga ishonmasligini va qonunchilik asosida ishlashini ta‘kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular istalgan vaqtda o‘zlariga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligidan xavotir oladi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Kasimovning ma‘lum qilishicha, agar soliq organlari qonunbuzarliklarni aniqlab, ular haqida xabar bermasa, bu jinoyatni yashirish sifatida baholanib, ma‘muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

“Shuning uchun ularga chora qo‘llanmaydi, demang-da, to‘g‘risini aytish kerak. Ertaga teskari bo‘lishi mumkin, bu bir tayoqning ikki tarafi-da. Jinoyatni yashirish bo‘lib qoladi. Shuning uchun bu masala boshqacha hal qilinadi va choralar ko‘rilmaydi, deb aytish kerak emas”, — deya ta‘kidladi bosh prokuror o‘rinbosari.

Bosh vazir o‘rinbosari Soliq qo‘mitasi vakiliga vaziyatni o‘rganib, taklif kiritishni topshirib, undan keyin bosh vazirga axborot berilishini bildirdi.

227-1-modda, bosh prokuratura, dilmurod kasimov, jamshid xodjayev, markirovkalash, ochiq muloqot, soliq qo'mitasi, tadbirkorlar

Aynan shu ochiq muloqotda Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘runov Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha jarimalarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Uning aytishicha, agar 50 ta do‘konga ega brendning bir sotuvchisi fiskal chek bermasa, jarima butun tarmoqning choraklik sof tushumining 2% ini, takroriy qoidabuzarlikda esa 20% ini tashkil etadi. Jarima qo‘llanganda kompaniya 100% ehtimol bilan bankrot bo‘ladi va bu vaziyatdan chiqa olmaydi, dedi u.

“Agar bitta raqamli markalash kodi uchun choraklik sof tushumning 20%i miqdorida jarima solinsa, bu chakana savdo u yoqda tursin, hatto zavod uchun ham ko‘tarib bo‘lmas yuk bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi Jamshid O‘runov.

227−1 qanday modda?

227−1-modda Soliq kodeksining yangi tahririga 2022-yilning 11-martida kiritilgan va tasdiqlanganidan keyin uch oy o‘tib, 13-iyundan kuchga kirdi.

Mazkur moddada quyidagi talablar ko‘rib chiqiladi:

  • fiskal belgilarni aks ettirish yoki avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash;
  • soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyani ta’minlash;
  • ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish.

Ushbu talablarning buzilishi oxirgi chorakda olingan sof tushumga teng miqdordagi jarimaga olib keladi.

Bugungi kunda alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, suv va ichimliklar, dori-darmon, maishiy texnika, 2024-yilning 1-aprelidan esa gazlangan ichimliklar majburiy markirovka qilinishi shart. Mazkur me’yorlar umumiy ovqatlanish sektori, chakana va ulgurji savdo hamda ishlab chiqaruvchilarga taalluqli.

2023-yil oxirida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev 227−1-moddasiga asosan 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarish (amnistiya)ni hamda jarima miqdorini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.

2024-yilning fevral oyida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha to‘liq masala hukumat darajasida yechilganini, yaxshi xabarlar bo‘lishini qayd etdi.

Undan keyin prezidentning tegishli farmoni bilan mazkur modda bilan tadbirkorlarga qo‘llanilgan jarima miqdorining 98%i hisobdan chiqarildi. O‘tgan davrda 1,5 ming nafar tadbirkorga 700 mlrd so‘mga yaqin jarima qo‘llanilgan.

2024-yilning may oyida prezident Soliq kodeksining 227−1-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Birinchi fiskal huquqbuzarlik uchun jarima realizatsiya amalga oshirilgan chorakdagi tushumning 2%ini tashkil etadi. Agar qoidabuzarlik bir yil ichida takrorlansa, u choraklik tushumning 20%igacha oshadi.

2026-yildan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda huquqbuzarliklar soliq organlarining axborot tizimi orqali aniqlanadi.

Tekshiruv uchun maxsus guvohnoma talab etilmaydi hamda qoidabuzarliklar aniqlansa, bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish beriladi. Ikkinchi marta ogohlantirish berilgandan so‘ng qoidabuzarlik yana sodir etilganda esa, jarima qo‘llanadi.

Jarima miqdori quyidagicha:

  • bir oy davomida birinchi marta — sof tushumning 0,2%i;
  • bir yil ichida ikkinchi marta — sof tushumning 0,4%i;
  • bir yil ichida uchinchi marta — sof tushumning 1%i;
  • bir yil ichida to‘rtinchi marta va undan keyingi holatlar — sof tushumning 2%i.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yangi xarid qilingan uy-joy uchun keshbek qaytarish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgani haqida yozgandi.