Yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston avtomobil zavodlari 64 221 ta yengil avtomobil ishlab chiqardi, deya xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.
2025-yilning shu davriga nisbatan ishlab chiqarish hajmi 12% ga yoki 6,9 ming dona avtomobilga oshdi. Ishlab chiqarishning asosiy qismi hanuzgacha UzAuto Motors’ga to‘g‘ri keladi, shu bilan birga boshqa kompaniyalar, xususan, BYD va Haval ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshdi.
Ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinda Chevrolet Cobalt qolmoqda — ikki oy ichida ushbu modeldagi 23,2 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan. Shu bilan birga, u UzAuto Motors modellari qatorida eng yuqori o‘sishni ko‘rsatdi (+19,3%).
Shuningdek, Cobalt kompaniyaning o‘tgan yilgi ishlab chiqarish hajmiga nisbatan barqaror o‘sishni ko‘rsatayotgan yagona modeli bo‘lib qolmoqda. Yanvar oyida konveyerlardan 6993 ta sedan (+23,5%), fevral oyida yana 16 223 ta avtomobil (+17,5%) chiqdi.
Miniven Damas 12,3 ming dona avtomobil bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi, biroq bir yil ichida ishlab chiqarish hajmi 5,25% ga kamaydi.
Yanvar oyida ishlab chiqarish qariyb uchdan bir qismga — 3,6 mingtagacha oshgan bo‘lsa, fevral oyida bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 15% ga (8,6 ming) kamaydi.
Ikki oyda Onix sedani ishlab chiqarish hajmi 22% dan ko‘proqqa qisqarib, 5,2 ming donani tashkil etdi. Bunda yanvar oyidagi ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 1462 donaga nisbatan 1974 donaga yetgan bo‘lsa-da, fevralda deyarli 40%lik pasayish kuzatildi.
Tracker krossoveri ishlab chiqarish hajmi esa biroz — 6,4% ga o‘sib, 6210 donaga yetdi. Fevral oyida ushbu modeldagi avtomobillardan 4310 dona ishlab chiqarildi, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 4,3% ga kamdir.
Boshqa markalar orasida KIA birinchi o‘rinni saqlab qolmoqda. O‘zbekistonda ikki oy davomida ushbu markaning barcha modellaridan 4 mingdan sal ko‘proq avtomobil ishlab chiqarilgan, biroq bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 1,5% ga kamdir.
BYD esa ishlab chiqarishni oshirishda davom etmoqda: ikki oyda 3165 dona avtomobil. Bu 2023-yilgi darajadan deyarli uchdan ikkiga ko‘p. Fevral oyidagi ko‘rsatkich bo‘yicha BYD (1813 dona) KIA’dan (1741 dona) o‘zib ketdi.
Haval bir yil ichida ishlab chiqarishni ikki baravardan ko‘proqqa — 2,4 ming donagacha oshirdi. Shu bilan birga, Chery brendining ishlab chiqarilishi 7,3% ga (1290 ta avtomobil) kamaydi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda 6,3 mingta maxsus yengil avtomobil (Labo va boshqalar) ishlab chiqarilgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 67% ga ko‘p. Shundan yanvar oyida 2 ming donadan sal ko‘proq (o‘sish 3 barobar), fevral oyida 4,3 ming dona (+36%) ishlab chiqarilgan.
Avvalroq Spot Trade-in orqali yangi avtomashina xarid qilishda avtokredit foizining bir qismi qoplab berilishi haqida yozgandi.
Dastur 1-avgustdan ishga tushadi hamda unda jismoniy va yuridik shaxslar eskirgan avtomobillarni yangilash uchun imtiyozli avtokredit olishlari mumkin.