Vengriyaning 4iG kompaniyasi O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh va geoanalitik yechimlarni ishga tushirishi mumkin. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev LinkedIn’da xabar berdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev 4iG kompaniyasi boshqaruvi raisi va bosh direktori Gellert Yasai bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar telekommunikatsiya, raqamli infratuzilma va ilg‘or texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
IT, sun’iy yo‘ldosh va geoanalitik yechimlar sohasida qo‘shma loyihalarni ishga tushirish imkoniyatiga, shuningdek, IT Park va O‘zbekkosmos bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, muzokaralarda ustuvor tarmoqlarda yangi tashabbuslarni ilgari surishning amaliy vositasi sifatida O‘zbekiston-Vengriya investitsiya fondining salohiyati ko‘rib chiqildi.
Xodjayev 4iG kompaniyasi O‘zbekistonda raqamli transformatsiya, texnologik modernizatsiya va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishda istiqbolli hamkor sifatida ko‘rilayotganini ta’kidladi.
“Ushbu hamkorlik yangi amaliy loyihalar doirasida rivojlanishda davom etishini kutishga barcha asoslar bor,” — deya xulosa qildi u.


2025-yil noyabr oyida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Gellert Yasai bilan uchrashdi. Tomonlar telekommunikatsiya sohasidagi hamkorlik istiqbollarini, jumladan, infratuzilmani modernizatsiya qilish, aloqa sifatini oshirish va tarmoq aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
4iG kompaniyasi O‘zbekistonda IT-infratuzilmani rivojlantirish, innovatsion yechimlarni joriy etish, autsorsingni rivojlantirish va kadrlar tayyorlashda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Mart oyida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva 4iG vakillari bilan qo‘shma investitsiyalar va IT-loyihalar, raqamli infratuzilma, Mobile.uz va raqamli xizmat platformalarini rivojlantirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, Yerni masofadan zondlash va sun’iy yo‘ldosh kuzatuvi loyihalarini muhokama qildi.
Yaqinda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Vengriyaning 4iG Space and Defence Technologies Plc. kompaniyasi vitse-prezidenti va kosmik texnologiyalar bo‘yicha direktori bilan ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish va raqamli xizmatlar eksportini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

“Geosiyosiy noaniqlik, jumladan, Yaqin Sharqda ma’lumotlarni xavfsiz saqlashga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir paytda, har ikki tomon O‘zbekistonni mintaqaviy ma’lumotlarni qayta ishlash markazi sifatida joylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Spot Samarqandda Starlink qurilmasini noqonuniy olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs to‘xtatilgani haqida yozgandi.
Ruxsatnomasiz olib kirilgan qurilma bojxona nazoratida aniqlanib, fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

