O‘zbekistonda chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimi (CHOYET) blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda joriy etiladi. Bu haqda prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan.

Mazkur loyihani Madaniyat vazirligi Jamg‘arma, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritish ko‘zda tutilgan.

Qaror loyihasida quyidagilar keltirilgan:

  • madaniyat va san’at muassasalarida blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda Chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimini joriy etish va uning ishlash tartibini belgilash;
  • CHOYETga ulangan respublika madaniyat va san’at muassasalari tomonidan chiptalarni sotish, hisobga olish va tasdiqlash avtomatik tizimlaridan majburiy foydalanish;
  • elektron chiptalarni chipta apparatlari va avtonom bosma uskunalardan foydalanib, elektron chiptalarni, shu jumladan chipta tarqatuvchi yuridik shaxslar tomonidan vositachilik shartnomalari asosida erkin muomalaga chiqarish va realizatsiya qilish uchun huquqiy asoslar yaratish;
  • elektron chiptalar rekvizitlariga, shuningdek, madaniyat va san’at muassasalarining elektron chiptalarni muomalaga chiqarish, hisobga olish va tasdiqlash uchun foydalanadigan moddiy-texnik bazasiga eng kam talablarni joriy etish;
  • CHOYET doirasida chiptalarni realizatsiya qilish bo‘yicha operatsiyalarni himoya qilishga, chiptalarni keyinchalik balandroq narxda qayta sotish uchun yoppasiga sotib olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka doir choralarga eng kam talablarni joriy etish;
  • CHOYET doirasida chiptalarni sotishdan tushgan tushumdan CHOYETni saqlash, shuningdek, renovatsiya dasturida va “Yo‘l xaritasi"da nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga yuboriladigan yig‘im joriy etish.