Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxslarga berishni tartibga solish to‘g‘risida"gi 2001 yildan buyon amal qilib kelayotgan taqiq chiqarib tashlandi. Bu haqda Norma xabar berdi.
Endilikda, fuqarolar ishonchli vakillariga avtomobilga xuddi shunday ishonchnomani boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirish huquqini berishlari mumkin.
Boshqa shaxslarga o‘tkaziladigan vakolatlar hajmi kamroq bo‘lishi mumkin, biroq ko‘proq bo‘lishi mumkin emas, boshqa shaxsga o‘tkazish huquqi esa asosiy (“birlamchi”) ishonchnomada alohida qayd etilgan bo‘lishi kerak. “Ikkilamchi” ishonchnoma ham notarial rasmiylashtirilishi lozim.
O‘z vakolatlarini boshqa shaxsga o‘tkazgan shaxs asosiy ishonchnomani bergan shaxsni yangi ishonchli vakilning F.I.O. va yashash joyi haqida xabardor qilishi shart. Xabarnoma xabar berganlik dalilini hujjat bilan tasdiqlay oladigan tarzda berilishi kerak. Agar bunday qilinmasa, keyingi ishonchli vakilning barcha xatti-harakatlari uchun avvalgisi javobgar bo‘ladi.
Asosiy ishonchnoma chaqirib olinganda, muddati o‘tganda yoxud boshqa asoslarga ko‘ra to‘xtatilganda boshqa shaxsga o‘tkazish ham o‘z kuchini yo‘qotadi.
Bundan tashqari, endi norezidentlar uchun mashinalarga ishonchnomalarni rasmiylashtirish mumkin. Bu ham 17 yil davomida taqiqlangan edi.