Prezidentning qarori bilan Toshkent shahridagi Amiti Universiteti tashkil etildi, deb xabar beradi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.
Universitetda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, birinchi navbatda, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, axborot tizimlari va kompyuter tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Universitetning ta’lim faoliyati 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi.
Universitetda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Amiti Universitetining (Hindiston) belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Ilgari Spot Hindistondagi “Amity” yetakchi oliy o’quv yurtining Toshkent shahridagi filialini ochish masalasini ishlab chiqish bo’yicha kelishuvga erishilgani haqida xabar bergan edi.
Qo’shimcha ma’lumot uchun: amity.uz
Amity universiteti (Amity University) — Hindistondagi yetakchi xususiy notijorat oliy ta’lim muassasasidir. O‘quv yurtining asosiy binosi Noida shahrida joylashgan bo’lib, 11 ta shaharda (Mumbay, Jaypur, Kolkata va boshqalar) kampuslari, shuningdek, Nyu-York, London, Dubay, Singapur, Xitoy, Janubiy Afrika va boshqa joylarda filiallari joylashgan. “Times Higher Education” va “QS Ranking” xalqaro reyting kompaniyalarining xulosasiga ko‘ra, universitet dunyoning eng nufuzli oliy o’quv yurtlaridan biri bo’lib, Osiyodagi eng yaxshi 300 ta universitetlardan biri hisoblanadi. Universitet 150 mingdan ziyod talaba tahsil olayotgan yirik ta’lim muassasasidir.