“Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida Toshkentda 2018 yilning sentyabridan 2019 yilning apreligacha 657 ta loyiha amalga oshirildi, xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Bu maqsadlar uchun tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga 44,2 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratildi. Ushbu imtiyozli kreditlar hunarmandchilikni rivojlantirish, kichik issiqxonalarni tashkil etish, tikuvchilik sexlarini ishga tushirish, qandolat va non mahsulotlarini ishlab chiqarish singari qator tarmoqlarga yo‘naltirildi.

Oilaviy korxonalar ishga tushirilishi natijasida bugungacha 600 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Mart oyida prezident “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qarorga muvofiq, “Har bir — oila tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga yillik 8% stavkada 3−6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev fevral oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ortda qolayotgan hududlar masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o’tkazib, unda iqtisodiy rivojlanishi ortda qolayotgan 32 tumanda har bir yo‘nalish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi va ushbu loyihalarni moliyalashtirish manbalari “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” kabi dasturlar bilan bog‘liq holda hal etilishi bo’yicha topshiriqlar bergan edi.