“Yandex.Taxi” O’zbekistonda ro’yxatdan o’tishi kerak. Bu haqda Davlat soliq qo’mitasi raisining birinchi o’rinbosari Mubin Mirzayev 3 aprel kuni bo’lib o’tgan Xalqaro press-klubning navbatdagi yig’ilishida ma’lum qildi.

“Biz vaziyatni ["Yandeks.Taksi” bilan bog’liq] o’rganib chiqdik. Kompaniya va servisning 10 mingta mijozidan deyarli hech biri soliqlarni to’lamaydi. Tizimni tartibga solishning yagona yo’li esa, kompaniya soliq to’lovchi sifatida ro’yxatdan o’tishi kerak. Shundan so’ng u haydovchilarning litsenziyaga ega yoki yo’qligini nazorat qilishi kerak", — deydi Mubin Mirzayev.

Transport vazirligi bo’lim boshlig’i Ruslan Ro’zmetov Yandeks elektron xizmatlarni taqdim etishi, biroq haydovchilarning litsenziyalariga ahamiyat bermasligini qayd etdi:

“Tizimga ulanishda litsenziya shart emas. Shu sababli, Toshkentda 5000 ta litsenzion haydovchi bor bo’lsa-da, Yandeks 10 mingta haydovchiga ega”, — deydi Ro’zmetov.

Ilgari Mirzayev internet orqali noqonuniy savdo qiluvchilar masalasi ko’tarilganda “Yandeks.Taksi” masalasiga ham to’xtalib o’tgan edi.