Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan realizatsiya qilish oborotlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, xabar beradi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.

Ma’lumki, QQSdan ozod qilish bo‘yicha imtiyoz O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini chakana va ulgurji realizatsiya qilinganda beriladi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, 2019 yil 1 oktyabrgacha bo‘lgan muddatda import qilingan go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), shuningdek tirik hayvonlar (qoramol va parranda) hamda ularning so‘yish mahsulotlari ham QQSdan ozod qilindi.

Yanvar oyida QQSdan ozod etiladigan mahsulotlar ro’yxati ma’lum qilindi. Keyinchalik sut sanoati rivojiga qo’shimcha shart-sharoitlar yaratish va qayta ishlash korxonalarini fermer xo’jaliklari bilan kooperatsiyasini kuchaytirish maqsadida sut ham QQSdan ozod etiladigan mahsulotlar ro’yxatiga kiritildi.

Iyun oyida qo’shilgan qiymat solig’idan ozod etiladigan mahsulotlar ro’yxatiga kartoshka va guruchning importi ham qoʻshildi.