Sentyabr oyida O‘zbekistonda bir nechta yangiliklar joriy etiladi. Ular qatoridan o‘zini o‘zi band qilganlarga guvohnoma va imtiyozlar berilishi, QR kodli darsliklar jioriy etilishi, bir qator uskunalarning mamlakat hududiga olib kirilishi taqiqlanishi kabilar o‘rin olgan.

Mehnat guvohnomalari

1 sentyabrdan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi. Mehnat guvohnomasi ariza beruvchining xohishiga ko‘ra 1 oydan 12 oygacha muddatga, doimiy yashash joyidan qat’i nazar beriladi. Guvohnomada ko‘rsatilgan davr pensiyani hisoblab chiqarish uchun fuqarolarning mehnat stajiga kiritiladi.

QR kodli darsliklar

Sentyabrdan boshlab maktab o‘quvchilari QR kodli darsliklardan foydalanadilar. Kitob sahifalarida o‘rin olgan QR kodlar orqali turli (xarita, diagramma, infografika, audio, video, matn ko‘rinishidagi) ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

Bir qator uskunalarani O‘zbekiston hududiga olib kirish taqiqlanadi

1 sentyabrdan ilgari foydalanilgan generator uskunalari, kuchlanishni pasaytiruvchi transformatorlar, elektr dvigatellar, shuningdek, energiya samaradorligi D toifadagi energiya sarflovchi uskunalar O‘zbekiston hududiga olib kirish taqiqlanadi.

Tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish

1 sentyabrdan boshlab tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalarni faqat elektron shaklda topshirish tartibi joriy etiladi.

Texnik servis yo‘nalishlari bo‘yicha xodimlar chet elda o‘qitiladi

1 sentyabrdan qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, mashinasozligi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yo‘nalishlari bo‘yicha hodimlari “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga o‘qitish va malaka oshirish uchun yuboriladi. Tahsil olayotgan iqtidorli bakalavr talabalarning xorijiy oliy ta’lim muassasasidagi to‘lov kontrakti to‘lab beriladi.