Joriy yilning sentyabr oyidan boshlab umumiy maktablarning 8-sinf o‘quvchilariga geografiya fani innovatsion darslik yordamida o‘tiladi, deb yozadi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, kitob sahifalarida o‘rin olgan QR kodlar orqali turli (xarita, diagramma, infografika, audio, video, matn ko‘rinishidagi) ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

Avvallari darsliklardagi illyustratsiyalar asosan foto-rasmlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ular o‘rnini turli diagrammalar, xarita-chizmalar egalladi. So‘nggi 2 yil ichida esa darsliklarga infografikalarni joylashtirish boshlandi.

“Bu kabi o‘zgarishlar darslikning o‘qimishliligini oshiradi, darslik sahifalarining ixchamlashishiga olib keladi va, eng muhimi, o‘quvchida fanga qiziqishni orttiradi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ta’lim tizimiga zamonaviy innovatsion axborot resurslarni kiritishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 8-sinf geografiya darsligi (“O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi”)ga QR-kod belgisi joylashtirildi. Mazkur belgi darslikni tashkil etgan 60 mavzuga alohida o‘rnatilgan bo‘lib, shu mavzuga oid qo‘shimcha internet manbalaridan foydalanish imkonini berdi.

Internet resurslaridan foydalanishda havfsizlikni ta’minlash, turli saytlardan olingan havolalar, saytning yopilib qolishi yoki shu resurs sayt egasi tomonidan olib tashlanishining oldini olish maqsadida darslikning alohida internet sayti ishga tushirildi va internet resurslari shu saytga joylashtirildi.

Shuningdek, 8-sinf texnologiya fani darsligi 16 ta amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan QR-kod belgilari bilan chop etilmoqda, bu orqali o‘qituvchi va o‘quvchilar amaliy mashg‘ulotlarning video tasvirini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Kelgusida boshqa darsliklarga ham QR-kod belgisini o‘rnatish va shu orqali internet resurslariga bog‘lash mumkin va ularni bitta saytda jamlash doimiy to‘ldirib borilishi mumkin.

QR-kod (“tezkor javob”) — bu maxsus tarzdagi kodlardan iborat bo‘lgan, qandaydir bir ma’lumot, kvadrat ko‘rinishdagi tasvirdir. Unda oddiy matn, audio yozuvlar, video roliklar, 3D formatdagi shakllar va boshqa shu kabi boshqa internet resurslari bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda kameraga ega zamonaviy telefonlar kvadrat ko‘rinishdagi tasvir ostida yashiringan ma’lumotlarni oson o‘qish imkoniyatini beradi. Buning uchun telefon kamerasini QR-kodga yo‘naltirgan holda, maxsus ilova orqali kodni o‘qish lozim bo‘ladi.