O’zbekiston va Koreya Respublikasi Prezidentlari o’rtasida bo’lib o’tgan sammitida bir qator masalalar bo’yicha kelishuvlar imzolandi. Xususan, sog‘liqni saqlash va kimyo texnologiyalarini rivojlantish sohalarini rivojlantirishga qaratilgan, umumiy hajmi 160 million dollar bo’lgan kelishuvlar imzolangan. Bu haqda Spotga Korea Herald xabar beradi.

Kimyo texnologiyalarini rivojlantirish bo’yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida joriy yilning 28-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi № 39-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko’ra Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O'zkimyosanoat” AJ va Koreya Respublikasining Eksimbanki o’rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi doirasida “Ilmiy-tadqiqot va loyihalash instituti — Kimyoviy texnologiyalari markazini tashkil etish” loyihasining amaldagi ijrosini yo’lga qo’yish yuzasidan quyidagilar belgilab berildi:

  • Koreya Respublikasining Eksimbanki tomonidan 40 yil muddatga, shu jumladan, 10 yil imtiyozli davr bilan, yillik foiz stavkasi 0,15 foizni tashkil etuvchi 40 million dollar miqdorda kredit ajratildi:
  • “O'zkimyosanoat” AJ va uning tarkibidagi tashkilotlarning sof foydasidan Innovatsion faoliyatni qo’llab-quvvatlash jamg’armalariga ajratiladigan mablag’ning 50 foizini yo’naltirish hisobidan 13,8 million dollar ajratish belgilandi.

Qaror bilan loyihaning texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlari, asosiy qarzni to’lash prognoz jadvali, kredit bo’yicha foizlar va loyiha uchun boshqa to’lovlar tasdiqlandi.