O’zbekiston elchisi Vitaliy Fen Janubiy Koreyaning “Hanshin Engineering & Construction Co., Ltd.” kompaniyasi raisi Choi Yong Son bilan uchrashdi. Bu hodisaga “Dunyo” AA o’z e’tiborini qaratdi.

Choi Young Son amalga oshirilayotgan loyihalar haqida gapirib, “Kokand City” hududida zamonaviy ko’p xonadonli turar-joy majmualarini qurish bo’yicha olib borilayotgan muhokamalar to’g’risida ma’lumot berdi. Ushbu investitsiya loyihasini Qo’qon shahrida umumiy 34 gektar maydonda amalga oshirish rejalashtirilgan.

Kompaniyasi delegatsiyasi 2020-yil noyabr oyida Farg’ona viloyatiga tashrif buyurdi va ichki uy-joy bozori holatini batafsil o’rganib chiqqach, qurilish materiallari yetkazib beruvchilar, loyihalash institutlari bilan uchrashuv va muzokaralarda qatnashdi, shuningdek ushbu loyiha uchun ajratilgan hududni ko’zdan kechirgan.

“Hanshin Engineering & Construction Co., Ltd.” hamda O’zbekiston Qurilish vazirligi hamkorligida “Qishloqqurilishloyiha” MChJ, “Toshuyjoyliti” AJ va “O'zog'irsanoatloyiha” AJ negizida qo’shma loyihalash institutini yaratish masalasi ishlab chiqilmoqda. Ayni paytda tomonlar ushbu uchta loyihalash va tadqiqot institutlarining faoliyat ko’lami, asosiy moliyaviy-iqtisodiy ko’rsatkichlari to’g’risida fikr almashishni davom ettirmoqdalar.

Shuningdek, Samarqand viloyatida umumiy qiymati 800 million AQSh dollariga teng bo’lgan zamonaviy xalqaro toifadagi golf majmuasini yaratish loyihasiga e’tibor qaratdi. Ushbu investitsiya loyihasini umumiy maydoni 270 gektar bo’lgan maydonda zamonaviy golf maydonchasi va tashrif buyuruvchilar uchun turar-joy binolari (194 gektar), xalqaro maktab (6 gektar), savdo, ko’ngil ochish kompleksi (7 gektar), zamonaviy ko’p qavatli turar-joy majmuasi (55 ga) va unga qo’shni boshqa infratuzilma yaratish orqali amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ushbu loyihaning konsepsiyasi 2019-yilning noyabr oyida kompaniya delegatsiyasining tashrifi davomida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etilgan.

Ushbu loyihalar to’g’ridan-to'g'ri sarmoyalar hisobidan amalga oshiriladi.Choi Yong Son 2021-yil 12−19 fevral kunlari O’zbekiston tomoni bilan faol muzokaralarni davom ettirish uchun Choy Moon Gyu bosh ijrochi direktori boshchiligidagi delegatsiyani O’zbekistonga yuborish to’g’risida qaror qabul qilganini e’lon qildi.

Avvalroq Spot, Koreya Eximbanki O’zbekistonga sog’liqni saqlash va kimyo texnologiyalari rivoji uchun 160 million dollar miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratishi haqida ma’lumot bergan edi.