Spot har oyda ko’chmas mulk va avtomobil bozoridagi holat bo’yicha ma’lumot berib boradi. Yanvar oyiga ko’ra, avtomobil bozoridagi o’rtacha o’sish 6−7% ni tashkil etsa, ko’chmas mulkda bu holat 2−3%ni ko’rsatadi.

Fevral oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab oshishi bilan birga avtotransport vositalari sotuvi ham o‘sdi. Bu haqida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Spotga xabar beradi.

Joriy yil fevral oyida ushbu bozorlarda talabning oshishi O‘zbekistonda iqtisodiy faollikning tiklanganidan dalolat bermoqda.

Ko‘chmas mulk bozori

Koronavirus pandemiyasi davrida karantin cheklovlarining o‘rnatilishi natijasida iqtisodiy faollik birdaniga tushib ketgan edi. Xususan, aprel oyidagi lokdaun ko‘chmas mulk oldi-sotdisining 2019 yil mos davriga nisbatan 87,1 foizga kamayishiga olib kelgandi.

Joriy yil fevral oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni yanvar oyi bilan taqqoslaganda 11,5 foizga ko‘paydi. Ko‘chmas mulk bozorining 30 foizdan ko‘prog‘iga egalik qiluvchi Toshkent shahrida ushbu ko‘rsatkich 10,8 foizni tashkil qildi.


Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi indeksi

Avtomobil bozori

Odatda, respublika bo‘yicha birlamchi va ikkilamchi bozorlarda avtomobil savdosining oylik o‘sishi o‘rtacha 2−3 foizni tashkil etadi. 2020 yilning mart oyi o‘rtalaridan qat’iy karantin tadbirlarini joriy etilishi natijasida mart oyida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning shu davriga nisbatan 17,3 foizga (o‘tgan fevral oyiga nisbatan 34,6 foizga), aprel oyida esa 73,8 foizga (63,1 foizga) kamaygan edi.

Joriy yil ferval oyida avtomobil bozorida aholi talabi yanvar oyiga nisbatan 3 foizga oshdi. Lekin, 2020-yil fevral oyi bilan taqqoslaganda ushbu ko‘rsatkich 10,4 foizga kamaydi.

Bu asosan Asaka avtomobil zavodida 2021-yil yanvar-fevral oylarida barcha zaruriy modernizatsiya ishlarini amalga oshirish uchun ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatilganligi bilan izohlanadi.

Ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni o‘zgarishi indeksi

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Andijon (37 foiz), Buxoro (18,4 foiz) va Qashqadaryo (18 foiz) viloyatlarida kuzatildi.