Spot 2021-yil 1-apreldan biznes va iqtisodiyotning turli sohalarida kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar sharhini taqdim etadi.

Elektr texnikasini ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarga — soliq imtiyozlari

1.01.2024 yilga qadar muddatga hisobot davri yakunlari bo‘yicha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80%idan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalarni 50%ga kamaytirish tarzida soliq imtiyozlari beriladi.


Davlat funksiyalari xususiy tashkilotlarga o‘tkazilishining keyingi bosqichlari

Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi beriladi.


Davlat xaridlari sohasidagi o‘zgarishlar

Davlat xaridlari ijrochisining muassislari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Moliya vazirligi va DSQ axborot tizimlari o‘rtasidagi axborot almashinuvidan foydalangan holda davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestriga kiritiladi.


Qishloq xo‘jaligidagi o‘zgarishlar

Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi a’zolariga o‘zlari tomonidan import qilingan qo‘y bosh sonining 50%idan oshmagan qismini tirik va xom go‘sht ko‘rinishida (TIF TN bo‘yicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi.


Zargarlik sanoatidagi o‘zgarishlar

Zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamg‘asi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asi mexanik (zarb) yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi.


Uy-joy narxlarini maqbullashtirish

Ko‘p kvartirali turar joylarni qurish uchun geologiya va tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jihatidan eng optimal variantlar hisobga olingan holda hududlar qurilishi loyihalariga mos keladigan butun daha shaklidagi yer uchastkalari tanlab olinadi.