Bugungi kunda elektron hamyon ommalashib ulgurgan, undan asosan internetda onlayn xaridlarni amalga oshirish uchun foydalaniladi. U ayniqsa frilanserlar, yaʼni erkin yollangan xodim (kopirayter, tarjimon, dizayner, dasturchi) uchun ideal toʻlov vositasi hisoblanadi.

Bunday hamyon yordamida elektron pullar bilan turli xil hisob-kitoblarni amalga oshirish mumkin. Mazkur elektron pullarni haqiqiy pul mablagʻlariga aylantirish yoki bank kartasiga oʻtkazish juda oson amaliyotdir.

Elektron hamyon — elektron pullarni saqlaydigan hamda internetdagi xaridlar va xizmatlar uchun haq toʻlash, hatto pulni bank hisob varagʻiga yoki bank kartasiga oʻtkazish yoki naqd pul olish imkonini beruvchi kompyuter dasturidir. Oʻtkazmalar bir zumda amalga oshiriladi, koʻplab elektron pullar tizimlari hisob-kitoblar va oʻtkazmalarni turli valyutalarda amalga oshirish imkonini beradi.

Deyarli barcha elektron pullar tizimlarida elektron hamyonni ochish imkoniyati mavjud. MDH davlatlarida Яндекс.Деньги, WebMoney va QIWI kabi toʻlov xizmatlaridan keng foydalaniladi.

Elektron pullar tizimlarining afzalliklari va kamchiliklari:


Bank kartasi boʻlsa, elektron hamyon nima uchun kerak

Elektron hamyon ishlash tamoyili bank kartasiga oʻxshaydi. Uni osonlik bilan toʻldirish va dunyoning istalgan joyida u orqali toʻlovlarni amalga oshirish mumkin. Toʻlovlar boʻyicha cheklovlar deyarli yoʻq. Shunda savol tugʻiladi: agar bank kartasi mavjud boʻlsa, elektron hamyon nima uchun kerak?

  1. Elektron hamyonda pulni turli valyutalarda saqlashingiz mumkin. Masalan, dunyoning turli mamlakatlarida toʻlovlarni amalga oshirish ehtiyoji vujudga kelsa, elektron hamyon bu borada qulay hisoblanadi;
  2. Sayohat qilganda juda qulay, chunki hamma narsa smartfonga bogʻlangan boʻladi va NFC (kontaktsiz aloqa) yordamida toʻlovni amalga oshirish mumkin. Bu toʻlov jarayonini ancha osonlashtiradi. Bundan tashqari, har qanday bank kartasidan (soʻm) mobil ilova orqali elektron hamyonni toʻldirish mumkin.

Shuningdek, elektron hamyon orqali xalqaro toʻlov tizimda pul oʻtkazmalari tez va qulay tarzda amalga oshiriladi. Misol uchun, Siz tez va oson usulda xorijiy mamlakatdagi boshqa shaxsning hisob varagʻiga qulay valyutada pul oʻtkazishingiz mumkin.


Mazkur maqola Markaziy bankning finlit.uz sayti maʼlumotlari asosida tayyorlandi.