Gap nima haqida ketmoqda

Xabaringiz bor, OPEC+ davlatlarining neft qazib olish miqdorini oshirish borasidagi kelishuvidan soʻng, neft narxida qisqa muddatli arzonlash kuzatildi. Bu avtomobil benzinida importga nihoyatda bogʻliq boʻlgan Oʻzbekiston bozorida 80 markali benzin narxi arzonlashi borasida signal boʻlishi mumkin edi. Biroq Oʻzbekistonda narxlarda oʻzgarish deyarli sezilmadi.

Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasida qisqa muddatli pasayish paytida (19-iyul) narx 0,4% ga arzonlaganini koʻrish mumkin.

Iyulning soʻnggi 10 kunligida jahon bozorida narxlar yana oshishni boshladi, oy oxiriga kelib bir barrel neft narxi 75 dollargacha koʻtarildi. Bu Oʻzbekiston bozoriga ham taʼsir qilishi turgan gap.

Markaziy bankning vaziyatga izohi qanday

Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori Nodirbek Ochilov kun.uzga bergan intervyusida ayni damdagi yonilgʻi narxlariga oid tendensiya haqida gapirdi.

“Nooziq-ovqat tovarlar narxi oʻsishi tarkibida yonilgʻi mahsulotlari narxi koʻtarilishi katta oʻrinni egallaydi. Bunda benzin va propan narxlari yetarli darajada oʻsish surʼatlarini koʻrsatmoqda. Bu birinchidan tashqi bozordagi narxlarning oshishi bilan izohlanadi”, — taʼkidladi Ochilov.

Qoʻshimcha qilinishicha, yil boshidan beri neft narxi 40% dan koʻproqqa oʻsdi. Jahon iqtisodiyoti tiklanishi bilan bevosita logistika, transport boʻyicha faollashish kuzatildi. Bu oʻz navbatida neft mahsulotiga boʻlgan talabni oshiradi.

Ikkinchi omil, import va mahsulot yetkazib berish boʻyicha raqobat muhitining yaxshilanishi. Bu keyinchalik narxning pasayish dinamikasini hosil qilishi mumkin.

Ochilovning soʻzlariga koʻra, ichki bozorimizga eʼtibor beradigan boʻlsak, neft mahsulotlarining oʻsishi iqtisodiy faollik bilan bogʻliq. Borgan sari avtomobillar soni oshyapti, iqtisodiy faollashuv oshishi bilan iqtisodiyotda harakatchanlik oshmoqda.

Bu talabning oshishiga olib keladi. Talabga yarasha taklifning moslashuvi biroz vaqt talab qiladi. Ishlab chiqarish va import hajmining oshishi bilan bevosita neft mahsulotlarining narxi oshishi kutilmoqda.

“Shu bilan birga, xususiylashtirish jarayonlarida bir nechta neft bilan bogʻliq korxonalar sotuvga qoʻyilgan. Bunga xususiy sektorning kirib kelishi neft bozorida qoʻshimcha mahsulotlarni yaratadi”, — dedi MB masʼuli.

Shuningdek, Nodirbek Ochilov jahon bozorida narx arzonlagan paytda Oʻzbekistonda avtomobil benzini narxidagi pasayish deyarli sezilmasligi boʻyicha fikr bildirdi.

“Bugun jahon bozorida narx oʻzgarsa, ertaga bizda ham oʻzgarishi qiyin masala. Bu maʼlum muddatni olishi mumkin. Import qiluvchilar qancha muddatga shartnoma imzolagani, bevosita neft narxi pasayishi shartnomada qanchalik inobatga olinganini tahlil qilish kerak”, — dedi u.