Qozogʻistonning Turkiston shahrida 5G aloqasi rasman ishga tushirildi, deya xabar bermoqda Forbes Kazakhstan.

Turkiston Qozogʻistonda yangi avlod tarmogʻi bilan qamrab olingan birinchi shahar boʻldi. Ishga tushirish sanasi mustaqillikning 30 yilligiga toʻgʻri keldi.

Tarixiy markazda 8 ta baza stansiyalari mavjud. Shuningdek, aeroport kabi muhim sayyohlik joylarida transmitterlarni yopiq joylarda oʻrnatish rejalashtirilgan.

5G loyihasi Kcell uyali aloqa operatori va uskunalar yetkazib beruvchi Erikson tomonidan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Kompaniyalar Qozogʻistonda yangi aloqa standartini ishlab chiqishni tezlashtiradigan strategik shartnoma tuzdilar.

“Qozogʻistonda 5G-ning joriy etilishi raqamli iqtisodiyotdagi oʻsish drayveriga aylanadi. Keyingi avlod tarmogʻi sunʼiy intellekt, sanoat buyumlar interneti (IoT), smart city kontsepsiyasi, bulutli hisoblash va big data rivojlanishini tezlashtiradi”, — dedi Kcell rahbari Yuriy Xarlamov.

Operator maʼlumotlariga koʻra, test sinovlari davomida internet tezligi 1,5 Gbit/s darajasida boʻlgan. Yangi standart shuningdek, signalning kechikish muddatini kamaytiradi.

Loyihada ishtirok etayotgan “Kazaktelekom” ham 5G tarmogʻining ishga tushirilishini Turkiston uchun “yangi bosqich” deb atadi, xususan, “aqlli shahar"ni rivojlantirish va toʻliq avtomatlashtirilgan “aqlli zavodlar"ni yaratish uchun bu ayni muddaodir.

Nur-Sulton va Olmaota shaharlarida 5G sinovlari joriy yilning oktyabr oyida boshlangan, sinov tarmogʻi esa 2019-yilda ishga tushirilgan. 2022-yilgacha bosqichma-bosqich yangi standartga oʻtish rejalashtirilgan edi.

Oʻzbekistonda 2017-yilda birinchi 5G laboratoriya sinovi boʻlib oʻtdi, Uzmobile va Ucell negizida 5G tarmoqlarini sinovdan oʻtkazish 2019-yil sentyabrida amalga oshirildi. Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maʼlumotlariga koʻra, texnologiya 2021-yil mart oyi holatiga koʻra Toshkentdagi 15 ta baza stansiyalarida sinovdan oʻtkazilmoqda.

Vazirlik dekabr oyi boshida Sherzod Shermatov operator ofisiga tashrifi chogʻida Mobiuz-ning 5G tarmogʻini sinovdan oʻtkazish jarayonida ishtirok etganini maʼlum qilgan edi.