2022-yil 1-yanvardan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarida amalga oshirilgan xarid uchun berilgan onlayn nazorat-kassa texnikasi cheklari QR-kodini Soliq mobil ilovasida skanerlash orqali roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxslar xarid summasidan 1% keshbekka ega boʻlmoqdalar.

Oʻzbekiston boʻylab 2022-yil 14-yanvar holatiga koʻra, 401 ming 604 ta xarid cheklari keshbek uchun “Soliq” mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtkazilgan. Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, jami keshbek summasi 5 mlrd soʻmdan ortiqni tashkil etgan. Mobil ilovada 25 mingdan ortiq yangi foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtgan.

QR-kod

Shuni ta’kidlash kerakki, cheklardagi maʼlumotlarni notoʻgʻri koʻrsatish, QR-kodli cheklarni bermaslik, boshqa shaxslarning cheklari hisobiga keshbekka ega boʻlish kabi isteʼmolchilar huquqlarini poymol qiluvchi, keshbek amaliyotiga salbiy taʼsir etuvchi holatlar kuzatilgan. Savdo xodimlari tomonidan onlayn-NKM cheklarining nusxasini chop etgan holda xaridordan avvalroq roʻyxatdan oʻtkazish holati koʻp uchragan.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida bir qator talablar oʻrnatilmoqda. Xususan, QR-kodli chek birinchi marta “Soliq” mobil ilovasida skanerlanganda isteʼmolchi tomonidan kiritilgan telefon raqami bilan maʼlumotlar bazasida avtomatik roʻyxatga olinadi. Qayta skanerlanganda qurilma ekranida chek qaysi raqam orqali roʻyxatga olinganini koʻrsatuvchi eslatma paydo boʻladi.

Shuningdek, har bir fuqaro bir kunda bitta savdo nuqtasidan 5 tagacha chekni roʻyxatga olish tartibi joriy etiladi. 6-chek roʻyxatdan oʻtkazilganda qurilma ekranida kunlik limit tugagani toʻgʻrisida eslatma paydo boʻladi.

QR-kod nima, undan qanday foydalanish haqda mana bu yerda tanishishingiz mumkin.