QR-kod (Quick Response Code) — tezkor aniqlanadigan kod hisoblanadi. Ushbu kod obyekt haqidagi maʼlumotni oʻzida mujassam etadi.

U Yaponiyada ixtiro qilingan va faqat avtomobil sanoatida ishlatilgan. Ammo vaqt oʻtishi bilan bu tizimning afzalliklari, xususan, maʼlumotni tezkor aniqlaydigan qobiliyati mavjudligi tufayli nafaqat avtomobil sohasida, balki boshqa yoʻnalishlarda ishlatilib kelinmoqda.

QR-kod oq rang ustida kvadrat setkasida joylashtirilgan qora kvadratlardan iborat boʻlib, smartfon kamerasi kabi tasvirni qayta ishlaydigan moslamalar yordamida oʻqish mumkin.

Ushbu kod asosan giperhavola sifatida ishlaydi va bunday rasm (QR-kod)da matn shaklida joylashtirish noqulay boʻlgan yoki qimmatga tushadigan maʼlumotlar mavjud. Ular 4296 belgigacha (simvol) boʻlishi mumkin.

Bugungi kunda QR-kod aloqa (kommunikatsion) jarayonlarini optimallashtiradi, masalan, u yordamida:

  • vizitkada telefon nomerni shifrlash mumkin va bir marta bosishning oʻzi bilan kontaktlar roʻyxatiga qoʻshib qoʻyish;
  • internet havolasi boʻyicha tezkor oʻtish;
  • elektron xat yoki SMS yuborish;
  • manzilning joylashuvini aniqlash;
  • Wi-Fi (internet) routeriga avtomatik tarzda ulanish mumkin.

Shuningdek, tashqari ushbu tizim kundalik va turli savdo jarayonlarini sezilarli darajada optimallashtirdi. Bu kichik kvadratlarni mahsulot yorligʻida, kommunal xizmatlar kvitansiyasida yoki veb-sayt sahifalarida topish mumkin.

“QR-online” — Uzcard va HUMO toʻlov terminallarining toʻlaqonli muqobilidir. Ushbu tizim toʻlov va pul oʻtkazmalari (QR-toʻlovlari) uchun juda qulay yangilik boʻldi. Ushbu onlayn imkoniyat Oʻzbekistonda elektron tijoratni muvaffaqiyatli rivojlantirmoqda, chunki u shaxsga naqd pul yoki bank kartalarini olib yurmaslik imkonini beradi. Toʻlov uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotlar toʻlov ilovasi ichida mavjud boʻladi.

QR-kod yordamida toʻlovlarni amalga oshirish tamoyillari

Agar sotuvchi yoki xizmat koʻrsatuvchida QR-kod yordamida toʻlash imkoniyati mavjud boʻlsa, ular bank kartalarini qabul qilish uchun savdo terminaliga muhtojlik sezmaydi. Shunda xaridorga bank kartasini olib yurish hojati ham qolmaydi va buning ustiga kartasini boshqa odamning qoʻliga berish xataridan oʻzini himoya qiladi. Agar toʻlov — onlayn xarid boʻlsa, bank kartasi yoki shaxsiy maʼlumotlarni internet saytlariga kiritish shart boʻlmaydi.

QR-kod yordamida qanday toʻlash kerak

  1. Smartfonga toʻlovlar uchun ilovani (Payme, Click va hokazo) yuklab olish lozim. Ilova QR-kod tizimini qoʻllab-quvvatlashi kerak;
  2. Bank kartasini ilovaga bogʻlash kerak boʻladi;
  3. Toʻlov ilovasidan foydalanib QR-kod (maʼlum bir mahsulot yoki xizmat uchun shakllantirilgan kod)ni skanerlash lozim;
  4. Smartfon ekranida pul mablagʻlarini qabul qiluvchi hamda xarid narxi koʻrsatiladi;
  5. Toʻlovni tasdiqlash.

Savdo va xizmat koʻrsatish korxonalari “QR-online” tizimi orqali mijozlardan qabul qilingan va bank hisobvaraqlariga kirim qilinadigan mablagʻlarni Telegramdagi “@onlineqrbot” kanali, mijozning bank shaxsiy kabineti hamda sms-xabarnoma xizmati orqali onlayn rejimida nazorat qilib borishlari mumkin.

Hozirgi kunda ushbu tizimni Toshkent shahrida tatbiq etish doirasida tijorat banklari tomonidan 3,5 mingdan ortiq xoʻjalik subyektlarining savdo va xizmat koʻrsatish punktlari tegishli “QR-online” tizimi stikerlari bilan taʼminlandi.


Mazkur maqola Markaziy bankning finlit.uz sayti maʼlumotlari asosida tayyorlandi.