Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistondagi koʻchmas mulk bozoridagi talabning oʻzgarishi tahlil qildi.

Unga koʻra, yanvar oyida ikkilamchi bozorda uy-joy oʻrtacha narxlari oʻtgan oyga nisbatan 1,4% ga oʻsdi (2021-yil dekabrda oʻzgarmagan, noyabrda 1,2%ga koʻtarilgan edi).

Uy-joy narxlarda eng yuqori oʻsish surʼatlari Fargʻona (5,2%), Andijon (5,0%) va Navoiy (4,5%) viloyatlarida kuzatilgan boʻlsa, Jizzax (-4,2%), Surxondaryo (-3,1%), Namangan (-2,3%) va Sirdaryo (-2,1%) viloyatlarida narxlarda pasayish qayd etildi.

Toshkent shahrida uy-joy narxlari 2,4% ga oʻsdi. Uy-joy narxlarida eng katta oʻsish Mirzo Ulugʻbek (5,0%) Mirobod (4,5%) va Yashnobod (4,3%) tumanlarida kuzatilgan boʻlsa, Uchtepa (-1,4%) va Olmazor (0,7%) tumanlarida uy-joy narxlari pasaygan.

Markaziy bank hisob-kitoblariga koʻra, 2021-yilda tijorat banklari tomonidan qariyb 59,6 ming nafar fuqaroga 9,8 trln soʻm miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Ushbu koʻrsatkich 2020-yilga nisbatan 700 mlrd soʻmga koʻproq hisoblanadi.

2022-yil 1-yanvar holatiga koʻra, ipoteka kreditlari qoldigʻi 35,8 trln soʻmga yetgan. Ajratilgan kreditlarning 7,35 trln soʻmi birlamchi bozordagi uylarga, 2,44 trln soʻmi ikkilamchi bozordagi uylar uchun yoʻnaltirilgan.

Avvalroq Spot yanvar oyida koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni kamayganligi, mutaxassislar bunga izoh haqida yozgan edi.