Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistondagi koʻchmas mulk bozoridagi talabning oʻzgarishi tahlil qildi.

Unga koʻra, 2022-yil yanvar oyida respublika boʻyicha 17,7 mingta koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirildi, bu 2021-yilning shu davriga nisbatan 2,4%ga kamroq. Biroq 2020-yilning yanvar oyiga nisbatan oʻsish surʼati 15%ni tashkil etdi.

Mutaxassislarning fikricha, yanvar oyida yangi yil dam olishlari va ish taʼtillari paytida xaridorlar odatda koʻchmas mulkni qidirmaydilar. Bahorga kelib, uy-joy bozoridagi faollik tiklanadi.

Hududlar kesimida yanvar oyida eng yuqori oʻsish surʼatlari Qashqadaryo (36,4%), Fargʻona (16%), Surxondaryo (11,1%) viloyatlarida kuzatildi.

Toshkent (-17,6%) viloyati, Qoraqalpogʻiston (-14,4%) va Toshkent shahrida (-6,7%) sezilarli kamayish qayd etildi.