World Gold Council maʼlumotlariga koʻra, dekabr oyida Oʻzbekiston Markaziy banki dunyodagi eng yirik oltin xaridorlardan biriga aylandi.

Bir oy ichida organ 8,4 tonna qimmatbaho metallni qoʻlga kiritib, dunyoda ikkinchi oʻrinni egalladi. Regulyator 21,5 tonna oltin sotilgan noyabr oyida rekord darajadagi savdodan soʻng oltin zaxiralarini toʻldirdi.

Sotuvchilar va xaridorlar

Rasmiy zaxiralardagi oltinning umumiy hajmi 2021-yilning oxirgi oyida 14,2 tonnaga oshdi. Turkiya eng yirik xaridorga aylandi, sotuvdan soʻng oʻz zaxirasini yana 10,1 tonnaga oshirdi. Yil oxirida u 394,2 tonnani tashkil etdi.

Hindiston zaxira banki oltinning 3,7 tonnaga koʻpayishi bilan uchinchi oʻrinni egalladi. Toʻrtinchi oʻrinda Qirgʻiziston boʻlib, u qimmatbaho metallar zaxirasiga 1,1 tonna qoʻshdi.

Qozogʻiston Milliy banki oltinni dekabr oyida eng faol sotgan (4,8 tonna). Ikkinchi oʻrinda Shri-Lanka joylashgan boʻlib, u bir oy ichida 3,6 tonna yoki oltin zaxiralarining yarmini sotgan. Uchinchi oʻrinni 1,6 tonna bilan Polsha egalladi.

Jahon oltin zaxiralari oʻtgan yili 463 tonnaga oshib, ketma-ket 12-yildirki ortib bormoqda. Banklar talabni qisman qoʻllab-quvvatlagan holda qimmatbaho metallardagi zaxiralarni koʻpaytirishda davom etmoqda. 2022-yilda ham bu davom etishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston Markaziy banki bir yil davomida oltin zaxiralarini 30 tonnaga oshirdi. Shunday qilib, regulyator ushbu koʻrsatkich boʻyicha birinchi beshta davlatdan joy oldi.

Birinchi oʻrinni 90 tonna oltin sotib olgan Tailand egalladi. Undan keyingi oʻrinda Hindiston (+77,5 tonna) — uning zaxiralaridagi oʻsish 2009-yildan beri rekord oʻrnatdi. Oʻzbekiston, shuningdek, Vengriya (+63 tonna) va Braziliya (+62 tonna)ni ham ortda qoldirdi. Yil davomida Vengriya oltin zaxiralari uch baravar oshdi.