Vivo aprel oyidagi anonsida uchta yangi mahsulotni, jumladan, Vivo Pad plansheti, buklanuvchi Vivo X Fold telefoni va premium-klassdagi Vivo X Note flagmanini taqdim etishi kutilmoqda.

Weiboda 11-aprel kuni boʻlib oʻtadigan taqdimot haqida poster paydo boʻldi. Bundan tashqari, rasmda barcha qurilmalarning versiyalari ham koʻrsatib oʻtilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, kompaniyaning birinchi buklanuvchi smartfoni Vivo X Fold ikkita variantda sotuvga chiqariladi: 12 Gb tezkor va 256 Gb doimiy xotirali hamda 12 Gb tezkor va 512 Gb doimiy xotirali. U uchta rangda taqdim etilishi kutilmoqda: koʻk, malina rang va sabzi rang.

Taxminlarga koʻra, Vivo X Note uchta konfiguratsiyada paydo boʻladi: 8 Gb tezkor va 256 Gb doimiy xotira, 12 Gb tezkor va 256 Gb doimiy xotira hamda 12 Gb tezkor va 512 Gb doimiy xotiraga ega variantlar. U qora, kulrang va koʻk rangda sotuvga chiqariladi.

Vivo Pad 8 GB tezkor xotira va 128 GB doimiy xotira hamda 8 GB tezkor va 256 GB doimiy xotiraga ega versiyalarida sotuvga qoʻyiladi. Planshet kulrang va koʻk rangda taqdim qilinadi.

Vivo X Fold va X Note smartfonlari Snapdragon 8 Gen 1 protsessorida ishlab chiqariladi. Boshqa tomondan, Vivo Pad SoC Snapdragon 870 bilan jihozlangan boʻlishi mumkin.