Joriy yilda 712 mingta avtotransport vositalari oldi-sotdisi amalga oshirilgan boʻlib, bu koʻrsatkich 2021-yilning mos davriga nisbatan 2,1 barobar koʻpdir. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumot berdi.

Jumladan, eng yuqori oʻsish surʼatlari Namanganda 3 barobar, Andijonda 2,5, Buxoroda 2,4, Surxondaryoda 2,4 va Fargʻonada 2,4 barobar qayd etildi.

Birlamchi va ikkilamchi bozor

Birlamchi bozorda xarid qilingan avtomobillar soni (mahalliy ishlab chiqarish — 160,3 ming, xorijiy — 9,8 ming) 170 ming donani tashkil etdi.

Bu 2021-yilning shu davriga (103 ming) nisbatan 1,6 barobarga (+67 ming) koʻpdir.

Ikkilamchi bozorda esa joriy yil boshidan buyon 542 ming dona avtotransport vositalari sotilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich oʻtgan yilda 224 ming donani tashkil qilgan.

Bunday keskin o‘sish 1-yanvardan boshlab avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imning, shuningdek, oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun undiriladigan davlat boji to‘liq bekor qilinishi bilan bog‘liq.

Xorijiy avtomobillar savdosi

Chet elda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalari oldi-sotdi shartnomalari soni 9,8 mingtani tashkil qilgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobarga oshgan.

Savdoning asosiy qismi (51%ga yaqini) Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri keladi.

Hududlar kesimida bu koʻrsatkich quyidagicha:

  • Toshkent viloyati — 9%
  • Qashqadaryo — 7%,
  • Samarqand — 6%,
  • Buxoro — 5%,
  • Navoiy — 5%,
  • Xorazm — 4%
  • Аndijon — 3% ni qayd etdi.

“Spot” avvalroq O‘zbekistonga import qilinayotgan avtomobillar soni va qaysi davlatlardan import qilinayotgani haqida maʼlumot bergandi.