2022-yilning ikkinchi choragida O‘zbekiston banklarida norezidentlar hisob-raqamlari 47 mingga o‘sib, umumiy 169 mingni tashkil etdi.

Ularning asosiy qismi Ukraina, Rossiya va Belarusdan vaqtinchalik ko‘chib kelgan fuqarolar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Joriy yilda ayrim banklar xalqaro plastik kartalardan naqd pul yechib olishda komissiya o‘rnatgandi. Banklar buni naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish maqsadida joriy qilingani bilan izohladi.

Endi esa sentabrdan boshlab O‘zbekistondagi ayrim banklar norezidentlar uchun hisob raqamlarini ochishga bir qator cheklovlarni joriy qilmoqda.

“Kapitalbank”

Bank naqd pul oqimlari va amaliyotlari shaffofligini ta’minlash maqsadida komplayens nazoratini kuchaytirdi.

Xususan, joriy yilning 12-sentabridan boshlab O‘zbekistonning norezident jismoniy shaxslari “Kapitalbank"da hisob raqamlarini ochishga uchun quyidagi talablar belgilandi:

  • bankka murojaat kunidan oldin, 15 (o‘n besh) kalendar kundan ziyod uzluksiz O‘zbekiston hududida bo‘lganda;
  • O‘zbekiston ta’lim muassasalarida malaka oshirayotganda va talaba maqomini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lganda;
  • Mamlakatda rasmiy ishga joylashishilganda.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari uchun bank hisobvaraqlari va omonatlarini ochish shartlari o‘zgarishsiz qoldi.

“Ipak yo‘li banki”

Mazkur bank ham norezidentlar uchun hisob raqamlarini ochishga cheklovlar joriy qildi.

Xususan, 12-sentabrdan boshlab norezident shaxslar uchun hisob raqamlari va plastik kartalarini ochish faqat bankning bosh ofisi qoshidagi Amaliyot boshqarmasida amalga oshiriladi.

Bunda xorij fuqarosi vaqtinchalik ro‘yxatga olinganligi hamda mehmonxona yoki shaxsiy uyga joylashganligi to‘g‘risida ma’lumotnomani taqdim etishi kerak.

Norezident shaxs tomonidan so‘rovnoma to‘ldirilgach, hujjatlar bankning ichki nazorat bo‘limi tomonidan 3−5 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tishda o‘zbek raqami talab etiladi.

Bu o‘zgarishlar 12-sentabrgacha ochilgan hisob raqamlariga tegishli emas.

“Asia Alliance bank”

2022-yilning 13-sentabridan “Asia Alliance bank” filiallarida norezident jismoniy shaxslar uchun hisobraqamlar ochishga cheklovlar qo‘ydi.

Unga ko‘ra, norezident jismoniy shaxslar faqat quyidagi hollarda hisobraqam ochishlari mumkin:

  • bank filialga murojaat kunidan oldin 15 (o‘n besh) kalendar kunidan ziyod uzluksiz O‘zbekiston hududida bo‘lganda;
  • O‘zbekiston ta’lim muassasalarida malaka oshirayotganda va talaba maqomini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lganda;
  • Mamlakatda rasmiy ishga joylashganlikni tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lsa;
  • hisobraqamlar ochish uchun norezident jismoniy shaxslardan ariza olinganida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami va vaqtinchalik yashash joyidan ma’lumotnoma (QR-kod bilan) talab qilinadi.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni banklarning saytlari hamda call-markazi orqali olish mumkin.