Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi sessiyasida qatnashmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kelgusi yilda 122 mingta ish o‘rni yaratish imkoni borligi ta’kidlandi hamda davlat rahbari shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga quyidagi topshiriqlarni berdi:

  • kelgusi yilda 26 ta mahalliy sanoat markazi va kichik sanoat zonalarini tashkil etish;
  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun qo‘shimcha 100 mlrd so‘m, kelgusi yilda 600 mlrd so‘m yo‘naltirish;
  • Nurota, Xatirchi va Navbahordagi bo‘sh binolarda mono-markaz tashkil etib, kamida 5 ming yoshlarni kasblarga o‘qitish;
  • M-37 magistral yo‘lida 3,5 mingta servis obyektlarini ishga tushirish;
  • Karmanadagi Mavlono Orif Deg-Garoniy majmuasini ta’mirlashga 15 mlrd so‘m ajratish;
  • 20 ta turizm mahallasida infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha 50 mlrd so‘mlik loyihani 2023-yil davlat dasturiga kiritish.

Shuningdek, kelgusi yilda sanoatda 186 ta loyihani amalga oshirib, 15 mingta yangi ish o‘rni yaratish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi hamda quyidagi vazifalar topshirildi:

  • yil yakunigacha har bir tarmoq bo‘yicha 25 tadan mahalliylashtirish loyiha paketini shakllantirish;
  • kelgusi yildan 200 nafar tadbirkor bilan kooperatsiya asosida mahsulot ishlab chiqarishni boshlash;
  • bir oy muddatda 188 ta yaylovlarda joylashgan noruda konlarni auksionga chiqarish;
  • yil yakunigacha 8 ta Yoshlar sanoat zonasi infratuzilmasiga 20 mlrd so‘m ajratish;
  • Navoiy erkin iqtisodiy zonasida kelgusi yilda $200 mln qo‘shimcha investitsiya jalb qilib, 20 mingta ish o‘rni yaratish.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirishni 2 baravarga oshirib, 100 ming nafar aholini band qilish zarurligi ta’kidlandi.

Bu borada keyingi yilda Xatirchi, Karmana, Navbahor, Qiziltepa va Nurotadagi 72 ta mahalla atrofidagi 5 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilab, uzumzor va mevali bog‘lar barpo etishga 4 million dollar yo‘naltirish belgilandi.

Bundan tashqari, davlat rahbari qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha quyidagi topshiriqlarni berdi:

  • kelgusi yilda Konimex, Tomdi va Uchquduq yaylovlarida quduq qazishga 10 mlrd so‘m subsidiya ajratish;
  • 1,5 ming gektarda yaylov o‘simliklari urug‘chiligi xo‘jaligi hamda 5 ming gektarda kavrak plantatsiyalarini barpo etish;
  • dala va yo‘l chetlarida 6 mln dona tut ko‘chatini ekish va ipakchilikda 58 ming aholi bandligini ta’minlash;
  • kelgusi yilda qorako‘lchilik va qo‘ychilik loyihalariga $20 mln ajratish;
  • $10 mln investitsiya hisobidan Karmana va Xatirchida agrologistika markazlarini ishga tushirish;
  • 500 ming gektar yaylovlarda yoshlar bandligini ta’minlash dasturini qabul qilish;
  • dastur doirasida loyihalarga $15 mln hamda quduq qazishga qo‘shimcha $20 mlrd so‘m subsidiya ajratish.

Avvalroq, prezident kosmik faoliyat va elektromobillar sanoatini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.