Toshkent shahri Mirobod tumanidagi uch qavatli ofis binosi sotuvga qoʻyildi. Bu haqda “E-auksion” ma’lumotlarida keltirilgan.

2013-yilda qurilgan bino Amir Temur maydoni yaqinida joylashgan boʻlib, hozir bu yerda “Aloqabank"ning bosh ofisi va operatsion bo‘limi faoliyat yuritadi.

Umumiy maydoni 7345 kv. metrni tashkil etadigan binoda elektr energiyasi, suv va kanalizatsiya bor.

Binoning boshlang‘ich sotuv narxi 302 mlrd so‘m, zakalat puli esa 15 mlrd soʻmni tashkil qiladi. Ayni paytda bu saytdagi eng qimmat lot hisoblanadi.

Auksion 6-yanvar kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati shu kuni soat 09:00 da yakunlanadi.


Avvalroq “Spot” Toshkentdagi “An-Nur” restorani boshlang‘ich 6,3 mlrd so‘m bilan sotuvga qo‘yilgani haqida yozgandi.