Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaati yakunlandi. “Spot” murojaatnomadagi muhim tashabbus va vazifalarni bir joyga jamladi.

Davlat rahbari 2023-yilni O‘zbekistonda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qildi.

“Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilayapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.


Vazirlik va idoralar soni qisqartiriladi

Birinchi bosqichda vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi. Har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi.

Shuningdek, davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30−35%ga qisqaradi. Iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi.

Vazir o‘z tizimiga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha birinchi bo‘lib o‘zi javob beradi. Ularning siyosiy mas’uliyati oshirilib, hukumat qarorlari loyihalari, mamlakatimiz hayotiga oid muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bevosita vazirlar ishtirokida kollegial hal etiladi.

Vazir har yil boshida jamoatchilik oldida sohadagi rejasi va yil yakuni bilan esa uning natijasi bo‘yicha hisobot beradi. Qaysi vazir o‘z ishini eplay olmasa, iste’foga chiqadi.


Maktab hamda texnikumlar faoliyati

2023-yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, 70 ta yangi maktab qurilib, 460 tasi kengaytiriladi.

Investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelasi besh yilda ularning soni 1 mingtaga yetkaziladi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yo‘lga qo‘yilgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish amaliyoti keyingi o‘quv yilidan qolgan viloyatlar va Toshkent maktablarida ham joriy etilishi ta’kidlandi.

Har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etiladi. Kimyo sanoati, elektrotexnika, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinadi.


Bepul tibbiy yordam hajmi qonun bilan belgilanadi

Bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi qonun bilan belgilanadi. Ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish tezlashtiriladi.

Mazkur tizim keyingi yili Toshkentda boshlanadi va bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi. Shu bois, “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” yangi umummilliy harakati mahalladan boshlanadi.

140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar, 520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etiladi. Barcha tug‘ruq komplekslari to‘liq ta’mirlanadi va jihozlanadi, o‘rinlar soni 35%ga ko‘paytiriladi.

2023-yilda Samarqand, Farg‘ona va Xorazmda xususiy sherikchilik asosida Radiologiya markazlari tashkil etiladi.


“Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi

Davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushiriladi. 2023-yilda aholi tomonidan taklif berilgan suv, elektr, yo‘l, maktab kabi loyihalar uchun qariyb 3 barobar ko‘p, ya’ni 8 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi. Buning uchun 1-yanvardan mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning o‘zida qoladi. Aholi uchun yangi uy-joylar qurish hajmlari 1,5 barobarga oshirilib, 90 mingga yetkaziladi.

Kelasi yilda Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi boshlanadi. Dastur doirasida, birinchi navbatda, turar-joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etiladi.

Shuningdek, Toshkentga qo‘shimcha 1 mingta avtobus sotib olinadi, 7 ta yer usti metro bekati ishga tushiriladi. Hududlarda ham yo‘lovchi tashish sifatini yaxshilash maqsadida yana 1 mingta avtobus harakati yo‘lga qo‘yiladi.


Tuman va shaharlar 5 ta toifaga ajratiladi

2023-yilda suv ta’minoti yaxshi 100 ming gektar qo‘shimcha ekin maydonlari aholiga ajratiladi.

Kooperatsiya faol qo‘llab-quvvatlanadi, kichik va o‘rta quvvatli saqlash, saralash va qayta ishlash infratuzilmasi rivojlantiriladi. Agrar sohada yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish loyihalariga 2023-yilda $1 mlrd ajratiladi.

Kelgusi yildan tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib 5 ta toifaga ajratiladi. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘ladi.

1-yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15%dan 12%ga pasaytirish hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida yiliga kamida 14 trln so‘m mablag‘ qoladi.


Barcha davlat tashkilotlari quyosh panellariga o‘tadi

Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga qo‘shimcha 14 mlrd kilovatt elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50%ga ko‘payadi.

Kelasi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatiladi.

Aholi xonadonlarida esa quyosh paneli o‘rnatishga ajratiladigan subsidiyalar hajmi 2 barobarga ko‘paytiriladi.


Keyingi yili $30 mlrd investitsiya jalb qilinadi

Kelasi yili qariyb $30 mlrd sarmoya jalb qilinib, shundan $25 mlrdi xususiy investitsiyalar bo‘ladi. Jumladan, umumiy qiymati $8 mlrdlik 300 dan ziyod loyihani ishga tushirilib, yana 40 ta yangi yirik loyiha boshlanadi.

Xususan, “Yoshlik” mis konini o‘zlashtirishning birinchi bosqichi yakuniga yetkazilib, 60 mln tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega 3-misni boyitish fabrikasi ishga tushadi.

Shuningdek, Olmaliqda 4-misni boyitish fabrikasi va Mis eritish zavodi loyihalari boshlansa, Navoiydagi Pistali konida 4 mln tonna oltin rudasini qayta ishlash majmuasining qurilishi yakunlanadi.


10 ta kompaniya va bank aksiyalari ochiq savdoga chiqariladi

Keyingi yilda eng yirik 10 ta kompaniya va tijorat banklarining aksiyalari aholi uchun ochiq va shaffof savdoga chiqariladi.

“Bu chinakam xalq IPOsi bo‘lishiga ishonaman”, — dedi prezident.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralarni yakunlab, ichki qonunchilikni moslashtirish, yangi standartlarni joriy etish ishlari jadallashtiriladi. Umuman, 2023-yilda eksport hajmi tariximizda ilk bor 23 mlrd.dan ortadi.