2022-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistondagi loyihalarga 839 mln yevro yoki qariyb $900 mln sarmoya kiritdi, deya xabar qilmoqda bank matbuot xizmati.

Natijada bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 30%ga oshgan hamda O‘zbekiston uchinchi yilda ham Markaziy Osiyoda eng ko‘p mablag‘ oluvchi mamlakatga aylandi.

Bank tomonidan moliyalashtirilgan 26 ta loyihalar qatorida qayta tiklanuvchan energiya, bank faoliyati va boshqa sohalarga sarmoya kiritildi.

  • Xususan, YeTTB Buxoroda umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurish va ishga tushirishga bo‘yicha $520 mln miqdorida kredit ajratdi. Mazkur loyiha bankning o‘z mintaqalari bo‘ylab hozirgi kunga qadar qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha eng yirik loyihasi hisoblanadi.
  • Navoiyda quvvati 500 MVt shamol elektr stansiyasini qurish va foydalanish bo‘yicha loyihaga $74 mln miqdorida mablag‘ ajratildi.
  • YeTTB Xorazm va Qoraqalpog‘istonda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish uchun mas’ul bo‘lgan hududiy kommunal xo‘jalik korxonalariga $120 mln uzoq muddatli suveren kreditlar ajratdi.
  • Bank “Asakabank”, “Ipoteka bank”, Milliy Bank va “SQB bank” uchun $210 mln miqdoridagi yangi savdo moliyalashtirish limitlarini oshirdi.
  • Shuningdek, “TBC Bank Uzbekistan"ga $7 mln miqdorida qo‘shimcha sarmoya kiritildi va O‘zbekiston bilan $20 mln miqdoridagi krossvalyuta almashinuvini amalga oshirildi.
  • Bank mamlakatning pivo ishlab chiqaruvchisi “UzCarlsberg” kompaniyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 14 mln yevro yo‘naltirdi.
  • Chorkesar va Yangiobod maxsus poligonlarini rekultivatsiya qilish bo‘yicha grant loyihasini amalga oshirishga jami 9 mln yevro ajratadi.
  • YeTTB “Toshkent truba zavodi” ga $15 mln.gacha bo‘lgan kredit ajratmoqda.

2022-yilda O‘zbekistonda YeTTBning “Kichik biznes uchun maslahatlar” dasturi doirasida 100 ga yaqin loyihalar ishga tushirildi, natijada kichik va o‘rta biznes soni 50%ga oshgan.

Shuningdek, YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyotiga 128 ta loyiha doirasida 3.9 mlrd yevrodan ortiq sarmoya kiritdi.

2022-yilning noyabr oyida davlat rahbari xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida YeTTB va Jahon banki bilan birga 2050-yilgacha milliy iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish strategiyasi ishlab chiqilishi haqida ta’kidlagandi.