Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari xizmatlarini ko‘rsatish va hujjat aylanishining milliy tizimlarini integratsiya qilish imkoniyatlarini ishlab chiqishi mumkin.

Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Olmaotada o‘tkazilgan “Digital Almaty-2023” xalqaro forumining yalpi majlisida qayd etdi, deya xabar bermoqda “TASS” nashri.

“Tegishli idoralar elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish va hujjat aylanishi bo‘yicha o‘z milliy tizimlarini integratsiyalash masalasini ishlab chiqishi mumkin, deb hisoblaymiz”, — dedi Bosh vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali YeOII davlatlarining aholi va tadbirkorlari barcha raqamli imkoniyatlardan erkin foydalanishlari mumkin.

Aripov 2023-yilda sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, shuningdek, iqtisodiyotning real sektori O‘zbekistonda raqamlashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanganini ta’kidlagan.

Bosh vazir 2021-yili o‘tkazilgan mazkur xalqaro forumda ishtirok etib, IT sohasidagi tashabbuslarni e’lon qilgandi.

Jahon banki 2022-yil uchun “GovTech” yetuklik indeksini yangilagandi. Unda O‘zbekiston 198 ta mamlakatdan hukumat va davlat xizmatlari sektori bo‘yicha 43-o‘rinni, raqamli ko‘nikmalar va davlat xizmatlaridagi innovatsiyalar bo‘yicha esa 4-o‘rinni egallagan.

Davlat rahbari Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi “Global Gateway” tashabbusi orqali internet aloqasini taʼminlovchi optik tolali kanallar qurish rejasini qoʻllab-quvvatlashi qayd etilgandi.

2019-yili O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasi ishlab chiqilayotgani ma’lum bo‘lgandi. 2020-yili esa mamlakat kuzatuvchilik maqomini oldi.

Shuningdek, Yevrosiyo taraqqiyot banki ekspertlari O‘zbekistonning YeOII tashkilotiga a’zo davlat sifatida kiritilishining oqibatlari haqida aytib o‘tgandi.