Bitiruvchilari ishga joylanmagan nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati tugatilishi mumkin. Bu bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov rektor va mas’ul prorektorlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda qayd etgan.

Xususan, ishga joylanmagan bitiruvchilari soni ko‘p bo‘lgan OTM sifatsiz ta’lim berayotgan muassasa deb, topilishi va faoliyatini tugatish masalasi ko‘rib chiqilishi haqida rektor va mas’ul prorektorlar ogohlantirilgan.

Rektorlarga o‘z xodimlarining farzandlari bilan maktub orqali yozishmalarni yo‘lga qo‘yishi tavsiya etildi.

Shuningdek, OTMdagi iqtidorli talabalar ro‘yxatini tuzish va ular bilan alohida ishlash mexanizmini yo‘lga qo‘yish masalasida takliflar berildi.

Bundan tashqari, barcha oliy ta’lim muassasalarini muqobil energetikaga o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.

Joriy yil yakuniga qadar 31 ta binoda 1 941 kVt quvvatga ega quyosh panellari, 20 ming litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari va 1 300 dona quyosh tashqi yoritish uskunalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

2022-yilda respublika OTMning 51 ta binosida 3 372,2 kVt quvvatga ega quyosh panellari, 61 ming litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari hamda 1 151 dona quyosh tashqi yoritish uskunalari o‘rnatilgan.

Avvalroq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi muloqot portalini ishga tushirgandi. U orqali sohaga oid masalalar bo‘yicha taklif va tashabbuslarni jo‘natish mumkin.