Prezident yoshlar siyosati va sportni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Xususan, yoshlar o‘rtasida festival, forum, tanlov va boshqa tadbirlarni yagona yillik kalendar reja asosida o‘tkazish joriy qilinadi va bu bo‘yicha ma’lumotlar yoshlarportali.uz yagona elektron platformasiga joylashtirib boriladi.

“Yoshlar daftari” orqali taqdim etiladigan ijtimoiy-iqtisodiy xizmat turlari 2023−2024 yillarda 1,5 barobargacha oshiriladi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi tarkibidagi 3 ta davlat unitar korxonasi faoliyati maqbullashtirilib, ularning funksiyasi xususiy sektorga o‘tkaziladi.

Davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish maqsadida sohadagi 24 ta yo‘nalishni qamrab olgan “ERP Sport” elektron boshqaruv tizimi ishga tushiriladi.

Keyingi yildan boshlab musobaqalarda qatnashadigan sportchilarning shaxsi va malakasini identifikatsiya kartalari orqali aniqlash tartibi joriy etiladi.

Sportga homiylik ko‘rsatgan jismoniy shaxslarga chet ellardagi turnirlarda ishtirok etish imkoniyati beriladi. Buning uchun ular o‘rtasida lotereya o‘yinlari o‘tkaziladi.

Soha vakillarini qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi joriy etilmoqda.

Shuningdek, sportchilarga huquqiy, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tadbirlari ham nazarda tutilmoqda.

Soha infratuzilmasini rivojlantirish uchun O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tuziladi.

2022-yilning noyabr oyida mamlakatda kibersport rasman alohida sport turi sifatida qabul qilingandi.