Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoda xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ishtirok etib, viloyatni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va tibbiyot bo‘yicha “ilg‘or innovatsiyalar hududi"ga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

“Spot” unda ilgari surilgan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.


“Sirdaryoda barcha sohalarni rivojlantirishda Xitoy tajribasiga tayanishimiz lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Sirdaryo aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbusni ilgari surdi.

Birinchidan, Ilg‘or innovatsiyalar hududida biofarmatsevtika, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, elektrotexnika, tibbiyot, ta’lim sohalarining 20 ta yo‘nalishidagi loyihalariga alohida imtiyozlar rejimi joriy qilinadi.

Xususan, yer, mol-mulk, foyda va aylanma uchun soliqlar hamda bojxona bojlaridan 3 yilgacha ozod qilinadi.

Yer uchastkalari soddalashgan tartibda ajratiladi, yer va binolarni sotib olishda 5 yilgacha bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, foiz to‘lovlarini qoplab berish stavkasi 2 baravar oshiriladi.

Sirdaryoda $500 mln.lik investitsiya hisobiga O‘zbekiston-Xitoy biotexnologiyalar klasteri barpo etiladi.

Bu klasterda Xitoyning yetakchi oliygohlari bilan birga Gulistonda xalqaro ta’lim va tadqiqot universiteti, Innovatsion tibbiyot klinikasi, Markaziy Osiyo genom markazi, onkologik kasalliklarni davolash uchun Hujayra terapiyasi markazi tashkil qilinadi.

Klaster tomonidan zamonaviy diagnostika qurilmalari, innovatsion vaksinalar, probiotiklar va onkologik kasalliklar uchun dori vositalari ishlab chiqariladi.

Shu bilan birga, 10 ming talaba uchun o‘quv binolari, zamonaviy kampus, laboratoriyalar, muhandislar maktabi tashkil etiladi.


Ikkinchi tashabbus — viloyatning 11 ta tuman va shahri Xitoy modeli asosida sanoatga ixtisoslashadi, har birida innovatsion texnoparklar tashkil qilinadi. Ularda:

  • elektrotexnika, biofarmatsevtika, kimyo, qurilish materiallari, ipak va oziq-ovqat sanoatida innovatsion loyihalar amalga oshiriladi;
  • erkin iqtisodiy zona maqomi beriladi va “bojxona hududida qayta ishlash” rejimining soddalashgan tizimi joriy qilinadi;
  • ishlab chiqarish binolari namunaviy loyihalar asosida qurilib, tadbirkorlarga “sanoat ipotekasi” orqali tayyor holda beriladi;
  • joriy yilda texnopark infratuzilmasiga 200 mlrd so‘m ajratiladi.

Shuningdek, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Sirdaryoda O‘zbekiston-Xitoy investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi.

Bu jamg‘arma Xitoyning nufuzli Ipak yo‘li fondi va boshqa moliyaviy tashkilotlari bilan birga tashkil qilinadi. Jamg‘armaga $1 mlrd sarmoya olib kelinadi.


Uchinchi tashabbus doirasida Sirdaryoda eng ilg‘or agrotexnologiyalar joriy qilinadi.

Xususan, viloyat hokimiga qishloq xo‘jaligida ilm va innovatsiya joriy qilish bo‘yicha Xitoydan 2 nafar maslahatchi olib kelinadi.

Sirdaryoda irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini modernizatsiya qilishga xitoylik investorlar jalb qilinadi.

Shuningdek, Xitoy tajribasi yordamida qoramol va parrandachilik ekokomplekslari tashkil qilinadi, sho‘r va suvsizlikka chidamli makkajo‘xori, sorgo, beda kabi ozuqaga boy ekin navlari ekiladi.

Intensiv anor, qovun, pekan yong‘og‘i va baliqchilik plantatsiyalari hamda meva-sabzavotni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash texnoparki tashkil etiladi.

Sho‘r va suvsizlikka chidamli ekin turlari, chorvachilik nasllarini yaratish bo‘yicha Xitoyning bu yo‘nalishdagi yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Ularning filiallari tashkil qilinib, qishloq va suv xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlanishi hamda yer o‘zlashtirish, cho‘llanish, irrigatsiya va ekologiya yo‘nalishida ilmiy-tadqiqotlar olib borilishi ma’lum qilindi.


To‘rtinchi tashabbus. Sirdaryo O‘zbekistonni Qozog‘iston, Tojikiston, Xitoy va Afg‘oniston bilan bog‘laydigan yirik logistika xabiga aylantiriladi.

Buning uchun xitoylik investorlar bilan hamkorlikda respublikaning sharqiy va markaziy qismlarini hamda chet el yo‘nalishlariga bog‘laydigan yangi transport marshrutlari va multimodal logistika markazi quriladi.

Bulardan tashqari, yo‘llarni qurish, ta’mirlash va boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish ham Sirdaryodan boshlanishi qayd etildi.

Beshinchi tashabbus doirasida Guliston shahri mamlakatning “Innovatsion meditsina xabi"ga aylantiriladi.

Davlatimiz rahbari barcha tashabbuslar bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.