Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishda davlat xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-iyuligacha “Texnikalar texnik ko‘rigi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari 1-maydan boshlab majburiy yillik texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

1-avgustdan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini ishlab chiqaruvchi yoki maxsus savdo tashkilotlarida xaridorlarga sotilgan yangi texnikalar uchun “Hisob-ma'lumotnoma” berish amaliyoti joriy etiladi.

Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlar 1-sentabrdan jismoniy shaxslarning 100 ot kuchigacha quvvatga ega qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, sentabrdan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risida talon berish amaliyoti bekor qilinadi.

Biroq xorijiy davlatlarga ishga yuboriladigan texnikalar bundan mustasno.

Shuningdek, eski namunadagi texnik pasport, texnik guvohnoma, davlat raqami belgisi va traktorchi-mashinist guvohnomasini majburiy tartibda almashtirishning yakuniy muddati 31-avgust etib belgilandi.

Qaror bilan Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini davlat ro‘yxatidan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglamentga ko‘ra, texnikalar Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Texnikalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari Inspeksiya, DXM va Yagona portal orqali texnika egasi yoki uning vakili so‘rovnomasiga asosan amalga oshiriladi.

Texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda:

  • texnik pasport beriladigan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari hamda o‘ziyurar mashinalarni davlat ro‘yxatidan yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun — BHMning 20% (66 ming so‘m) miqdorida;
  • texnik guvohnoma beriladigan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish mashinalari, agregatlari va asbob-uskunalarini davlat ro‘yxatidan yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun — BHMning 18%i (59 400 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Avvalroq har bir tumanga mavsumiy agronomlarni ishga olishga ruxsat berilgandi.