Sergeli tumanidagi omborxonada yuz bergan portlash oqibatida zarar ko‘rgan xonadon soni qariyb 600taga yetadi. Bu haqda poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi, hukumat komissiyasi raisi o‘rinbosari Shavkat Umrzoqov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.

Poytaxt hokimi mazkur favqulodda holat sabablarini o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan dastlabki ma’lumotlarni taqdim etdi.

Xususan, hududdagi 26ta ko‘p qavatli uydagi 592ta xonadon hamda 8ta xizmat ko‘rsatish shahobchasi, 1ta maktab va 2ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetgani aniqlandi.

Shuningdek, hududdagi 24ta ko‘p qavatli uy va 25ta hovlining fasad, oyna-rom va tom qismi zarar ko‘rgan. Qisqa muddatda turar joylar tiklanishini qayd etgan Toshkent shahar hokimi.

Bundan tashqari, poytaxtning 12ta tumani hokimliklariga zarar ko‘rgan obyekt va hududlarni tiklash bo‘yicha vazifalar taqsimlandi.

Xususan, Shayxontohur tumaniga “Quruvchilar” mavzesidagi 600-sonli MTT va 71-oilaviy poliklinika, Yunusobod tumaniga “Quruvchilar” mavzesidagi 305-sonli umumta’lim maktabi ta’mirlash va tiklash uchun biriktirildi.

Avvalroq “Spot” tumanda ro‘y bergan portlashda bir nechta do‘konlar zarar ko‘rganini ta’kidlab, bular qatorida “M Cosmetic” do‘konlari tarmog‘iga jiddiy talofat yetgani haqida xabar berilgandi.

Hodisa 28-sentabrga o‘tar kechasi sodir bo‘ldi. Bunga esa kuchli chaqnash sabab bo‘lgani qayd etildi.

Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqov Sergelidagi portlashdan jabrlangan uylarning egalariga zarar qoplab berilishini bildirdi.

Shuningdek, yetkazilgan zararni baholash va bosqichma-bosqich qoplash yuzasidan ishlar boshlangan, mol-mulkiga zarar yetgan fuqarolar 1205 qisqa raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.