Xitoy Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga o‘tadigan temir yo‘l qurilishini noma’lum muddatga qoldirdi, deya xabar berdi “Silk Road Briefing” nashri.

Loyihani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” may oyida kelishib olinib, liniyani kuzda boshlash rejalashtirilgandi. Biroq, bir qator masalalar, birinchi navbatda, moliyaviy masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar ish boshlanishiga to‘sqinlik qildi.

“Loyiha tayyor, biroq Pekin, Bishkek va Toshkent haligacha pul, aniqrog‘i, moliyalashtirish ulushi bo‘yicha kelishib olgani yo‘q”, — dedi Trans-Yevroosiyo transporti bo‘yicha xalqaro muvofiqlashtiruvchi kengash bosh kotibi Gennadiy Bessonov.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston transport habiga aylanmoqchi, lekin loyihani to‘lashga mablag‘lari yo‘q. Xitoy o‘zi temir yo‘l qurishi mumkin, lekin bu loyihani ustuvor deb hisoblamaydi. “Hamma narsa pulga bog‘liq”, deb xulosa qildi Bessonov.

Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti qoshidagi zilzilaga chidamli qurilish ilmiy-tadqiqot instituti rahbari Raimqul Mendekeyevning aytishicha, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l loyihasi Moskva va Ostona manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, u loyihaga siyosiy sabablar to‘sqinlik qilmoqda, deb hisoblaydi.

“Bizda (Qirg‘izistonda) temir yo‘l yo‘q, biz Qozog‘iston orqali [yuklarni] tashimiz. <...> Agar biz ularga iqtisodiy jihatdan qaram bo‘lib qolsak, ular uchun foydalidir. Ochig‘ini aytganda, ular bizning iqtisodiy rivojlanishimizga olib keladigan o‘z temir yo‘limiz bo‘lishini xohlamaydilar”, — dedi Mendekeyev.

Bo‘lajak liniya Xitoy va O‘zbekiston temir yo‘l tarmoqlarini Qirg‘iziston orqali, so‘ngra Turkmaniston, Eron va Turkiya orqali Yevropaga ulashi kerak. 454 km uzunlikdagi yo‘l Xitoy Qashg‘aridan Torugart, Norin va Jalolobod orqali O‘zbekiston chegarasigacha davom etadi.

Loyiha qiymati $1,34 mlrdga baholanmoqda. Hukumatlararo kelishuvlar shartlariga ko‘ra, qurilishni China National Machinery Import & Export Corporation (CNIMEC) amalga oshiradi.

Qirg‘iziston kelajakdagi yo‘nalish bo‘ylab tovarlar tranzitidan har yili $200 mlngacha daromad olishni kutmoqda. Biroq, Qozog‘iston orqali sezilarli darajada kattaroq yuk tashish bir xil natijalarni bermayapti, deydi infratuzilma bo‘yicha ekspert Qubat Rahimov.


Avvalroq yil yakunigacha temir yo‘l orqali yuk tashishning yangi qoidalari joriy etilishi haqida xabar berilgandi.