Transport vazirining tegishli buyrug‘i bilan mamlakat temir yo‘l transportida yuk tashish qoidalari tasdiqlandi.

Mazkur qoidalar O‘zbekiston hududida temir yo‘llarda yuklarning xususiyatlarini inobatga olgan holda harakat xavfsizligini, yuklar va harakatdagi temir yo‘l tarkibining butligini ta’minlashga qaratilgan.

Hujjat ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida umumiy foydalaniladigan temir yo‘l transportida yuk tashuvlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, tashkil etishga yo‘naltirilgan.

Yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun temir yo‘l tashuvchisi va yuk jo‘natuvchi o‘rtasida tashish shartnomasi tuziladi. Unga asosan temir yo‘l transporti (tashuvchi) unga ishonib topshirilgan yukni but holda va o‘z vaqtida jo‘natish punktidan belgilangan punktgacha yetkazib berish majburiyatini, yuk jo‘natuvchi (yukni oluvchi) esa tashish haqini to‘lash va yukni qabul qilishni ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Temir yo‘l transportidagi yuk tashuvlari bilan bog‘liq hujjatlar, shu jumladan temir yo‘l yukxati, yuklarni tashish buyurtmalari va boshqa hujjatlar elektron shaklda rasmiylashtirilishi mumkin.

Yangi qoidalar joriy yilning 24-dekabridan kuchag kiradi. Batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston temir yo‘l sohasida yangi kelishuvlarga erishgandi. Tomonlar Mesplan tizimi orqali rejalarni muvofiqlashtirib, tizim orqali kiruvchi asosiy va qo‘shimcha rejalarni tasdiqlaydi.